O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Koreya kooperatsion birjasi
2018-10-18 | Iqtisodiyot
Toshkent shahrida 17-oktabr kuni Oʻzbekiston-Janubiy Koreya kooperatsiya birjasi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda koreyalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokida 460 dan ziyod korxona neft-gaz, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, logistika, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari, tibbiyot, taʼlim va boshqa sohalar boʻyicha faoliyat yuritmoqda.
Statistikaga koʻra, Koreya Respublikasining Oʻzbekistonga yoʻnaltirgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi 7 milliard AQSH dollaridan ortgan. Joriy yilning 9 oyida mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo aylanmasi 34 foizga oshib, 1,28 milliard dollarni tashkil etgan.
Ushbu raqamlardan ham koʻrinib turibdiki, Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning ishonchli savdo va investitsiyaviy sheriklaridan. Va bu sheriklik ikki mamlakat ishbilarmonlarining kooperatsiya birja shaklidagi oʻzaro muloqotlari asosida ham rivojlanmoqda.
– Oʻzbekiston va Koreya ishbilarmon doiralarining kooperatsion birjasi va biznes-forumlari muntazam oʻtkazib kelinmoqda, – deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi boʻlim boshligʻi Sardor Boboqulov. – Mazkur kooperatsion birjada tomonlar agrotexnologiya, zamonaviy uskunalar, axborot texnologiyalari, muqobil energiya, yengil sanoat kabi yoʻnalishlarda qoʻshma biznes loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib bordi.
Koreya Respublikasining Kyongido provinsiyasi texnoparki bosh direktori Gangsun Choyning maʼlum qilishicha, ushbu mamlakatda 18 hududiy texnopark faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ular koʻmagida ishbilarmonlar oʻz biznes loyihalarini amalga oshirmoqda, shuningdek, sohalar boʻyicha innovatsion takliflar, ishlanmalar amaliyotga joriy etilayotir. Oʻzbekiston – Koreya kooperatsiya birjasida Koreya Respublikasidan 5 ta texnopark 10 dan ziyod kompaniyalari bilan ishtirok etdi. Ushbu kompaniyalar yangi xizmatlar, mahsulotlar, innovatsion texnologiyalar boʻyicha oʻz taqdimotlarini oʻtkazdi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida B2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etildi.
– Korxonamiz meva-sabzavot va boshqa isteʼmol mahsulotlariga moʻljallangan turli koʻrinishdagi qogʻoz qutilar, polietilen qoplar ishlab chiqaradi, – deydi “Ravshan Vodik.Production” korxonasi rahbari Muhammadrizo Boʻriyev. – Tadbirda Koreyaning ayni yoʻnalishda yetakchi kompaniyalarining tajribasi, bakteriologik chidamli va ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologiyalari bilan tanishib, ular bilan kelishuvga erishdik. Yaqin istiqbolda bu oʻz samarasini beradi.
Malohat Husanova, OʻzA