O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Savdo va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik yanada kengayadi

2018-10-17 | Iqtisodiyot

Toshkentda AQSH bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida Savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. 

Tadbir doirasida poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 16 oktyabr kuni standartlashtirish, sanitariya va fitosanitariya tadbirlari, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish masalalari boʻyicha ishchi guruh majlisi tashkil qilindi. 

Ushbu tadbir mamlakatimizda “AQSH biznes haftaligi“ doirasida ilk bor oʻtkazildi. Unda kengashga aʼzo davlatlar – Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSH, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar – Afgʻoniston va Pokiston delegatsiyalari, ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri J.Xoʻjayev, AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyodagi savdo ishlari boʻyicha vakili yordamchisi M.Linskott va boshqalar Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, qoʻshni va hamkor davlatlar bilan yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlash orqali oʻzaro manfaatli savdo munosabatlarini yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotganini taʼkidladi. Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining doʻstona hamkorlik prinsiplarga asoslangani Markaziy Osiyo mintaqasi, unga qoʻshni davlatlarda savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar ochayotgani qayd etildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston tashqi siyosatida qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash ustuvor tamoyil sifatida belgilandi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-17 may kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikka oid erishilgan kelishuvlar ham Markaziy Osiyoning integratsiyalashuvini yanada faollashtirish, ushbu mintaqa va unga qoʻshni davlatlarda qoʻshma dasturlarni amalga oshirish orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. 

AQSH bilan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida Savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim kengashining muntazamlik kasb etgan majlislari savdo-sarmoya sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, mintaqa davlatlarining investitsiya siyosatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash imkonini bermoqda. Uning faoliyati turli sohalardagi oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega. Mazkur tadbir okeanorti mamlakati va Markaziy Osiyo davlatlarining rivojlanayotgan bozorlardagi yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishi uchun zarur sharoit yaratadi. 

Muzokaralar chogʻida bojxona tariflarini yengillashtirish, bozorlar ochiqligini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, savdo-sotiqni kengaytirishdagi samarali yondashuvlar muhokama qilindi. 

Anjumanda Markaziy Osiyoda savdo sohasidagi dasturlarni amalga oshirish, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish istiqbollariga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi. 

Markaziy Osiyo davlatlari, unga qoʻshni Afgʻoniston delegatsiyalari bilan AQSH ishchi guruhining ikki tomonlama muzokaralari tashkil qilindi. 

Majlis yakunlari boʻyicha ishchi guruhlarning 2018-2019 yillarga moʻljallangan faoliyatiga bagʻishlangan qoʻshma bayonot qabul qilindi. 

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA

Поделиться