O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻrta Osiyo yoshlari bir maqsad atrofida birlashdi
2018-10-16 | Jamiyat
Termizda Oʻrta Osiyo mamlakatlari yoshlarining “Doʻstlik” forumi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan tadbirda keyingi paytlarda mamlakatimizda ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur forum ham ana shu olijanob maqsadlarga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning isteʼdodli va izlanuvchan yoshlarini birlashtirgan tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Mamlakatimizda yoshlarning hech kimdan kam boʻlmasdan ulgʻayishi, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishi, xususiy biznes bilan shugʻullanishi, innovatsion gʻoyalarini hayotga tatbiq etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada soʻnggi ikki yilda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 5 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Oʻtgan yili Termiz tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi ish boshladi. Bu yerda 130 ga yaqin afgʻon oʻgʻil-qizlari oʻzbek tili va adabiyoti fani boʻyicha oliy maʼlumotli oʻqituvchi hamda temir yoʻl transporti mutaxassisligi kasbini egallamoqda. Termiz davlat universitetida ikki yil muqaddam 50 ga yaqin yoʻnalishda kadrlar tayyorlangan boʻlsa, joriy yilda yoshlar 89 yoʻnalish boʻyicha kasb sirlarini oʻrganayotir.
Oʻrta Osiyo mamlakatlari yoshlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida boʻlib, bu yerda qoʻshni davlat yoshlarining taʼlim olishi, kasb oʻrganishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Termiz davlat universitetida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada arxitektura, ekologiya, ilm-fan yoʻnalishlaridagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
– Anjumanda “Janubiy Orol boʻyida inqirozga uchragan ekosistemalarning hozirgi holati va uni yaxshilash yoʻllari” mavzuidagi taqdimotim qoʻshni davlatlar yoshlarida katta qiziqish uygʻotdi, – deydi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi, “Yosh olimlar” kengashi aʼzosi Nodirbek Xurramov. – Chunki, bu masala butun Oʻrta Osiyo mintaqasi muammosidir. Bizningcha, mintaqadagi mamlakatlar yoshlari birlashib, birgalikda harakat qilsak, vaziyatni oʻnglash imkoniyati albatta topiladi.
Forum doirasida umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalariga, zamonaviy sanoat korxonalari hamda “Termiz marvaridi” sanatoriysiga uyushtirilgan sayohat, baxshi-shoirlar bilan uchrashuv, Termiz shahridagi muhtasham “Sanʼat saroyi”da teatrlashtirilgan sahna asarlari namoyishi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Termiz shahridagi xalqaro yoshlar oromgohida tashkil etilgan sport bellashuvlari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar Sherobod tumanida Surxondaryoning tansiq taomlaridan biri – tandir kabobni tayyorlash jarayonini oʻzgacha qiziqish bilan kuzatdi.
– Bizda ham qoʻy goʻshtidan turli taomlar tayyorlanadi, – deydi qozogʻistonlik Ualixon Bolatbek. – Lekin, qadimiy uslubda bunaqa taom tayyorlanishiga birinchi marta guvoh boʻlib turibman. Bu jarayonni katta qiziqish bilan tomosha qildim. Sirlarini bilib oldim. Tayyor boʻlgach, tandirdan olinishi bilan tanovvul qilib koʻrdim. Oh, mazasi ogʻzimda qoldi. Yurtimizga qaytgach, bu haqda doʻstlarimga albatta soʻzlab berish barobarida uni oʻzimizda ham tayyorlashga harakat qilib koʻraman.
Surxondaryo viloyati aholisining 57 foizini yoshlar tashkil etadi. Ular tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Xususan, bu yil 24 oʻgʻil-qiz respublika koʻrik-tanlovlarida, 144 nafari fan olimpiadalarida faxrli oʻrinlarni egalladi. Joriy yilning oʻtgan davrida mamlakat miqyosida oʻtkazilgan sport bellashuvlarida viloyat yoshlari 96 oltin, 88 kumush va 100 dan ortiq bronza medalini qoʻlga kiritdi. Qitʼa va jahon miqyosidagi musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan yosh sportchilar 22 oltin, 24 kumush va 17 bronza medalga sazovor boʻldi. Shunga mos ravishda oʻqishdagi muvaffaqiyati, ijtimoiy faolligi va isteʼdodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan besh nafar yigit-qiz “Mard oʻgʻlon” hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
– Biz sizlarga qirgʻiz xalqining, yoshlarining doʻstlik salomini olib keldik, – deydi A.Madaliyev.– Oʻzbekistonning yangi bosqichda rivojlanayotgani va bu yerda yoshlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar bilan tanishdik. Qirgʻiz va oʻzbek xalqlari azaldan yaqin qoʻshni, doʻst-birodar boʻlib yashagan. Mazkur forum bizning ana shu anʼanalarni davom ettirishimizda muhim ahamiyat kasb etdi. Surxondaryo boy taassurot uygʻotdi. Bu yerda koʻplab doʻstlar orttirdik. Tarixiy obidalarni ziyorat qildik.
Oʻrta Osiyo xalqlari uchun birdek dolzarb boʻlgan turli muammolar atrofida qizgʻin bahs yuritilgan tadbirning samimiy ruhda doʻstona, ochiq muloqot tarzida oʻtgani qoʻshni afgʻon yoshlarining ham mazkur forumga qiziqishini yanada kuchaytirdi.
– Forumda ilk marta qatnashyapmiz, – deydi afgʻonistonlik S.Bashash. – Bizning tilimiz, dinimiz, ajdodu ildizlarimiz bir. Eng muhimi, maqsadlarimiz mushtarak. Tadbir barchamiz uchun juda foydali boʻldi. Kelajakda mazkur forum Afgʻonistonda ham oʻtkazilishini istaymiz. Biz, yoshlarga mana shunday keng imkoniyat yaratib bergan Oʻzbekiston davlatiga minnatdorlik bildiramiz.
Tadbir doirasida viloyatdagi milliy madaniy markazlarning xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Qardosh xalqlar yoshlari vohadagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Forumning tantanali ochilish marosimida tinchlik, doʻstlik, qardoshlik va mehr-muhabbat tarannum etilgan kuy-qoʻshiqlar ishtirokchilarga bir olam zavq ulashdi.
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA