O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qurilishni texnik tartibga solish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish – zamon talabi

2018-10-15 | Jamiyat

Maʼlumki, qurilish sanoati har qanday davlat iqtisodiyotining muhim qismi hisoblanadi. Qurilish mahsulotlari oʻz navbatida yakunlangan va foydalanishga topshirilgan yashash uylari, zavod va fabrikalar, temiryoʻl va avtomobil yoʻllari, elektrostansiyalar va boshqa inshootlar shaklidagi obyektlar hisoblanib ular milliy xoʻjalikning barcha sohalaridagi asosiy vositalarni tashkil etadi.

Soliq va bojxona imtiyozlari, soddalashtirilgan ruxsat berish jarayoni, mustahkam normativ-huquqiy baza, shuningdek xususiy sarmoya himoyasining kafolatlanganligi sohaning rivojlanishi hamda chet el investitsiyalarini jalb etishga qulay shart-sharoit yaratadi.

Adliya vazirligi tomonidan qurilish sohasini tartibga soluvchi amaldagi qurilish (shaharsozlik) norma va qoidalari (SHNQ), shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli baho berish maqsadida ular mamlakatimizda arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mos kelishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

Aytish joizki, soʻnggi 10 yilda (2008-2017 yy.) Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2,1 barobarga oshgan, undagi qurilish sanoatining hissasi 6,8% tashkil etmoqda, dunyoning yalpi ichki mahsulotida qurilish sanoatining hissasi 6% tashkil etadi.

Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni soni (2005 y. – 16,4 ming, 2010 y. – 22,4 ming, 2016 y. – 23,8 ming) yildan yilga ortmoqda, ushbu sohada mehnat qiluvchilar soni esa aholining 9% ga toʻgʻri keladi.

Shu bilan birga, oʻrganish ishlari davomida qurilish sohasini keskin rivojlanishi hamda zamonaviy standartlar, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qisqa muddatda joriy etishga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammo va kamchiliklar aniqlandi. Bu esa oʻz navbatida ularning tanqidiy jihatdan qayta koʻrib chiqilishini, soddalashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni taqazo etmoqda.

Birinchidan, SHNQlarning yagona reyestri mavjud emas va ularning hisobi yuritilmagan. Xususan, qonunchilikda SHNQlarning reyestri yuritilishi nazarda tutilmagan, shu bois ularning aniq hisobi yuritilmay kelinmoqda, 60 ta SHNQlarning toʻliq matni mavjud emas. Oʻrganishda 274 ta SHNQlar qamrab olindi (jami 334 SHNQ), ularning 11 tasi normativ-texnik jihatdan tartibga solishdan chetga chiquvchi normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.

Ikkinchidan, SHNQlarning oʻz vaqtida yangilanib borilishi taʼminlanmagan, ayrim SHNQlar bugungi kunda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan. Hozirgi vaqtga qadar oʻquv yurtlarini inventarlar bilan jihozlashni tartibga soluvchi (kodoskop, filmoskop va lentali diafilmlar, konditsioner BK-2500 va boshqalar), uylarning qavatlarini cheklovchi (ommaviy qurilish uchun – 4 qavatdan yuqori boʻlmasligi, qishloq joylarida (kanalizatsiyalanmagan uylar) – 2 qavatdan yuqori boʻlmasligi lozim) va boshqa SHNQlar mavjud. Bular oʻtgan asrning 60-70 yillarida ishlab chiqilgan, shuningdek SHNQlarda amaliyotda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirishda keng foydalanilayotgan zamonaviy innovatsion usullar, energiya samaradorligini oshiradigan va uni tejaydigan hamda boshqa yangi texnologiyalardan foydalanilishi nazarda tutilmagan.

Uchinchidan, xalqaro qurilish standartlari asosida milliy standartlarni ishlab chiqish salohiyatiga ega yosh va malakali kadrlar yetishmasligi kuzatilmoqda.

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda SHNQlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish bilan davlat sektoridagi 30 ga yaqin tashkilotlar shugʻullanmoqda. Ular tomonidan ushbu jarayonlarga asosan bilim va koʻnikmalari XX asrning darsliklari va ilmiy yutuqlariga tayanadigan mutaxassislar jalb etilmoqda. Xususan, 36 ta mutaxassislardan 18 nafari (50%) 60 yoshdan yuqori (Oliy oʻquv yurtlarini 1980 yildan oldin tamomlagan), 5 nafari (13,9%) 50-60 yoshdagi (OOʻYu 1980/90 yillarda tamomlagan), 11 nafari (30,6%) 30-50 yoshdagi (OOʻYu 2002/09 yillarda tamomlagan) va atigi 2 nafari (5,5%) 30 yoshgacha (OOʻYu 2010 yildan soʻng tamomlagan) boʻlgan shaxslarni tashkil etadi.

Toʻrtinchidan, alohida SHNQlar va ayrim normativ-huquqiy hujjatlar qurilish sohasini rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Rivojlanishning joriy bosqichida SHNQlar qurilishda narxlarni bozor qiymati boʻyicha shakllanishiga toʻsqinlik qilmoqda va ularda qurilish tashkilotlarining rentabelligi nazarda tutilmagan, qurilish tashkilotlarining tadbirkorlik subyektlari sifatida daromad topishlarining shaffof mexanizmlari mavjud emas.

Shuningdek, qurilish tashkilotlaridan loyiha qiymatining 5% miqdorida kafolat summasi ushlab qolinadi va qurilish yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilgandan soʻng qaytariladi, biroq ushbu summa qurilish tashkilotlarining amaldagi foydasidan deyarli ikki barobar yuqori.

Oʻzining moliyaviy holatini ushlab turish maqsadida qurilish tashkilotlari turli “noqonuniy yoʻllar”dan foydalanishmoqda, sifatsiz va arzon qurilish mollaridan foydalanib, malakasiz mutaxassislarni jalb qilib pullarni iqtisod qilishmoqda va h.k., bu oʻz navbatida qonunbuzulishlarga olib kelmoqda.

Beshinchidan, qonunchilikda texnik nazorat va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarga talab qoʻyilmagan, ularni oʻqitish, malakasini oshirish va sertifikat berish tartibi mavjud emas. Amalda qurilish sohasiga aloqador boʻlmagan shaxslar ham texnik nazorat va mualliflik nazoratini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, ilgʻor xorijiy tajribalar oʻrganilganda, aksariyat rivojlangan davlatlarda qurilish sohasida bir necha marotaba islohotlar oʻtkazilganligi, natijada Yevrokodlar (Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Finlyandiya, Turkiya, Singapur, Malayziya va boshqa) va IBC (AQSH, Gaiti, Yamayka, Meksika, Gruziya, BAA va boshqa) kabi xalqaro standartlar joriy etilganligi, amaliyotgda binoning 3D modeli yaratib, bino bitguniga qadar kuzatib boruvchi VIM-texnologiyalardan foydalanilayotganligi maʼlum boʻldi.

Yevrokod, IBC va SHNQlarning farqi shundaki xalqaro standartlar erishilishi lozim boʻlgan parametrlarni belgilab, hisob-kitob qilish tartibini koʻrsatadi, mahalliy standartlar esa mustahkamlikdan boshlab sanitar va ijtimoiy standartlar hamda qurilish bilan bogʻliq barcha talablarni toʻgʻridan-toʻgʻri qatʼiy belgilovchi, ularga erishish yoʻllari va muhandislik usullarni oʻrnatadi.

Yevrokod va IBClar yangi texnologiyalar joriy etilishiga moslashuvchan hisoblanadi, SHNQlar esa qatʼiy boʻlib va yangi texnologiyalar joriy etilishini inobatga olmaydi.

Oʻrganish yakunlariga koʻra Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Administratsiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritildi.

Поделиться