O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Oʻzbekiston-Koreya biznes-forumi boʻlib oʻtdi
2018-10-12 | Iqtisodiyot
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 150 dan ziyod vakili ishtirok etdi.
Forumning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri J.Xoʻjayev, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari L.Qudratov, Koreya Respublikasining kichik va oʻrta biznes assotsiatsiyasi va “Shingdon Resources” kompaniyasi raisi Kim Yong Gu, Xvason shahri savdo-sanoat palatasi raisi Pak Sung Kven va boshqalar soʻzga chiqdi.
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning ishonchli savdo va investitsiyaviy sheriklaridan. Mamlakatlarimiz oʻrtasida mustahkam savdo hamkorligi oʻrnatilgan. Oʻzbekistonda koreyalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokida 460 dan ziyod korxona neft-gaz, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, logistika, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari, tibbiyot, taʼlim va boshqa sohalar boʻyicha faoliyat yuritmoqda. Koreya Respublikasining Oʻzbekistonga yoʻnaltirgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi 7 milliard AQSH dollaridan oshgan.
Statistikaga koʻra, joriy yilning 9 oyida mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo aylanmasi 34 foizga oshib, 1,28 milliard dollarni tashkil etgan. Forumda bu raqamlar yil yakuniga qadar yana oshishi, yaqin istiqbolda tomonlar savdo aylanmasini 3 milliard AQSH dollariga yetkazishni rejalashtirayotgani maʼlum qilindi.
Tashqi savdo vaziri J.Xoʻjayevning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda yiliga 20 million tonnadan ziyod meva-sabzavot yetishtirilmoqda. Sifati yuqori va vitaminlarga boy boʻlgan mahsulotlarimizni Koreya Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish kengaymoqda. Meva-sabzavot yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida koreyalik hamkorlarga Oʻzbekistonda karantin infratuzilmalarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga yurtimiz Koreya bozoriga rangli va nodir metallar yetkazib berishga ham tayyor. Turli sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish maqsadida oʻz navbatida, Koreyadan yuqori texnologiyali uskunalar import qilinadi.
Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy sharoit koreyalik ishbilarmonlarni tobora oʻziga jalb qilmoqda. Bugungi kunda Koreyadan 15 mingdan ziyod kichik korxona Oʻzbekistonga kelishga tayyor turibdi. Forumda Koreya Respublikasining Xvason shahri savdo-sanoat palatasi raisi Pak Sung Kven shu haqda maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, oʻrtada shakllangan mustahkam iqtisodiy munosabatlar bundan keyin ham hamkorlik qirralarini kengaytirib boradi.
Forumda mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi imkoniyatlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida maʼlumot berildi. Hamkorlikda energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm, kommunikatsiya, moliyaviy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish imkoniyatlari xususida soʻz yuritildi, taqdimotlar oʻtkazildi.
Xusasan, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati raisi B.Zaripov koreyalik ishbilarmonlarni yangi loyihalar bilan tanishtirdi. Maʼlum qilinishicha, “Oʻzqurilishmateriallari” AJning hududlarda 100 dan ziyod korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining 10 foizdan ziyodi ushbu korxonalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Forumda “Oʻzqurilishmateriallari” santexnika jihozlari, keramika-granit plitalarini ishlab chiqarish boʻyicha koreyalik ishbilarmonlarni hamkorlikka taklif etdi.
Biznes-forumda ishtirok etgan Koreya Respublikasining “Indexs Global”, “Samshin machinery co. ltd”, “Duk-In”, “Yezi Reflex”, “Dongho Cosmo Co.Ltd.” kabi kompaniyalari mamlakatimizda jahon bozorida talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikka tayyor ekanini tasdiqladi.
– “Dongho Cosmo Co.Ltd.” kompaniyasi raisi Che Yong Kimning taqdimoti bizda katta qiziqish uygʻotdi, – deydi Uchkoʻprik tumani hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari J.Alijonov. – Ushbu kompaniya Oʻzbekiston bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Bugungi uchrashuvlarda ushbu kompaniyani tumanim
izdagi mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga chaqirdik.
Forum doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy bitimlar imzolandi.
Malohat Husanova, OʻzA