O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov jarayoni ishtirokchilarini saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish masalalari boʻyicha xalqaro standartlar bilan tanishtirish
2018-10-11 | Saylov
2018-yil 10-12-oktabr kunlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning Oʻzbekistondagi Loyihalar koordinatorining “Oʻzbekiston Respublikasi saylov tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish. 2-faza” qoʻshma loyihasi doirasida “Xalqaro standartlarga mos ravishda saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishning dolzarb masalalari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (DIIHB) saylovlar boʻyicha maslahatchilari Stiven Martin va Ulvi Axundlu, Markaziy saylov komissiyasining masʼul xodimlari, hududlardagi saylov komissiyalarining kotiblari, tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.
Treningning asosiy maqsadi saylov jarayonida ochiqlik va shaffoflikni rivojlantirish, saylov amaliyotini demokratlashtirish, saylov tashkilotchilari, saylov jarayoni subyektlarining malaka darajalari hamda saylovchilarning elektoral madaniyatini oshirishga koʻmaklashishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga 2019-yil dekabr oyida boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish keng qamrovli islohotlar sharoitida, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jadal rivojlanayotgan, jamiyat demokratlashuvi jarayonlarining chuqurlashayotgan, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib borayotgan, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari roli oshib borayotgan bir pallada amalga oshirilayotganligi taʼkidlab oʻtildi.
Ushbu sharoitda milliy saylov tizimini takomillashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida xalqaro normalar va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi taqidlangan.
Ishlab chiqilgan Saylov kodeksi loyihasi saylov qonunchiligining barcha normalarini tizimlashgan asosda birlashtirish imkonini berdi. Uni qabul qilishdan maqsad saylov qonunchiligining barqarorligi va ichki ham muvofiqligini taʼminlashdan iboratdir.
Saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan yoʻnalish izchilligining yana bir tasdigʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktabrda imzolangan “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hisoblanadi. Mazkur qaror saylov qonunchiligini rivojlantirish, saylovlarni liberallashtirish, ularning ochiqligini taʼminlash, fuqarolarning erkin va mustaqil xohish bildirishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Mazkur tadbir davomida saylovga oid xalqaro standartlar va majburiyatlar keng muhokama etildi. Shuningdek, seminar-trening doirasida Saylovchilarining yagona elektron roʻyxatini joriy qilish va faoliyat yuritish masalasi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Seminar-trening ochiq suhbat tarzida oʻtkazilib, ishtirokchilar uchun samarali boʻlmoqda. Ilgʻor xalqaro tajribaga mos ravishda demokratik islohotlarning zamonaviy bosqichida saylov jarayonlari amaliyotini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishga koʻmaklashadi.