O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarish samaradorligini xalqaro baholash – davlat byudjet tizimini takomillashtirishning muhim poydevori
2018-09-21 | Iqtisodiyot
Davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish sohasidagi islohotlarni amalga oshirish doirasida Jahon banki va Moliya vazirligi tomonidan 30,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi institutsional salohiyatni oshirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi № PQ–3917 “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida Moliya vazirligiga O’zbekiston Respublikasida (PEFA/PIFA) davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik metodologiyasi me’zonlari asosida davlat moliyasini boshqarishning samaradorligini baholashni o’tkazish choralarini ko’rish topshirilgan.
O’tkazilgan muzokaralar natijasida baxolash o’tkazish uchun Jaxon Banki va Evropa Ittifoqi delegatsiyasi joriy yil 20 sentyabrdan 5 oktyabriga qadar qo’shma missiyasini O’zbekistonga yubordi.
Takidlash joizki PIFA – mamlakat davlat moliyasini boshqarish (DMB) tizimi samaradorligi darajasini aks ettiruvchi diagnostik mexanizm bo’lib, fidutsiar kafolat instrumentni, ya’ni investitsiyalarni kiritish va kreditlashtirish uchun ishonchli baho (Evropa ittifoqi, Jahon banki va boshqa halqaro tashkilotlar uchun), shuningdek DMBning munosib amaliyoti bo’yicha ma’lumotnoma va mamlakat ichida DMB tizimining samaradorlik dinamikasini taqqoslash uchun xizmat qiladi.
Baholash (PIFA), muayyan muddat ichida erishiladigan natijalar suratini o’lchash imkoniyati, DMB tizimini isloh etishda turtki bo’lish, manfaatdor tomonlar harakatlarini muvofiqlashtirish hamda xalqaro e’tirof kabi afzalliklarga ega.
2001 yilda PEFA kotibiyati mazkur dasturni yaratgan tashkilotlar va davlatlar o’rtasida DMBni baholashni uyg’unlashtirish vositasi sifatida o’z ishini boshlagan. Ushbu tashkilot va davlatlarga Evropa komissiyasi, Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon banki tashkilotlari hamda Fransiya, Norvegiya, Shveytsariya va Buyuk Britaniya hukumatlari kiradi.
2005 yilgi dastlabki baholashlardan buyon PEFA uslubiyoti bilan baholash 150 ta mamlakatda 500 dan ortiq marta amalga oshirilgan.
U Davlat moliyasini boshqarishni baholashda tan olingan standart bo’ldi va 40 mingdan ortiq individul ishlab chiqarish ko’rsatkichlaridan iborat yirik hajmdagi ma’lumotlarni to’pladi.
Bugungi kunda PEFA 2016 o’z ichida, byudjet barqarorligi, davlat moliyasining shaffofligi, davlat aktivlari va majburiyatlarini boshqarish sifatini, byudjet-soliq strategiyasini va iqtisodiy siyosat asosida byudjetlashtirishni, byudjet ijrosi prognozi va nazoratini, hisob va hisobdorlik hamda tashqi audit va nazoratni baholovchi, 7 ta tamoyillar asosida 31 ta davlat moliyasini boshqarishning muhim tarkibiy qismlari bo’yicha 94 ta baholash me’zonlarni jamlagan.
PIFA baholashni sifatli o’tkazish maqsadida Hukumat tomonidan milliy ekspertlardan iborat ishchi guruh tasdiqlangan hamda joriy yilning 20 va 21 sentyabr kunlari ikki kunlik PIFA metodologiyasini o’rgatish bo’yicha seminar-trening o’tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur treningda senatorlar, Qonunchilik palatasi deputatlari, Hisob palatasi, Moliya vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralardan iborat 65 ga yaqin milliy ekspertlar ishtirok etishadi.
Moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan baholash natijalariga ko’ra uzoq muddatli O’zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish Strategiyasi ishlab chiqilishi ta’kidlandi.