O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Islom taraqqiyot banki (ITB) hamkorlik rejalari
2018-09-20 | Iqtisodiyot
Moliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov va ITB Guruhi hamda Arab muvofiqlashtiruvchi guruhi (AMG) delegatsiyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
ITB prezidenti mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdi.
Bandar Asad al-Hajar oʻz nutqida: “Islom taraqqiyot banki va mening kasbdoshlarim nomidan minnatdorchilik izhor etib, bizni eʼtirofimiz va Oʻzbekiston bilan hamkorlikka sodiqligimizni taʼkidlashni istardim. Bizning tashrifimiz maqsadi aloqalarni yanada mustahkamlashtirishdir.
Biz ITB guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidagi loyihalarni moliyalashtirishni boshlangandan soʻng jami portfel qiymati 1,9 mlrd. AQSh dollarini tashkil etganidan mamnunmiz. Moliyalashtirish mamlakat hayotining barcha sohalarini o'z ichiga oladi: qishloq xoʻjaligi, uy-joy va yoʻl qurilishi, suv taʼminoti, taʼlim va koʻplab boshqa sohalar. Bizni qiziqtirgan va ishonchga asoslangan uzoq muddatli va manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonamiz”, – deb taʼkidlab oʻtdi.
Joriy yilning 18 sentyabr kuni Islom taraqqiyot banki va O'zbekiston hukumati o’rtasida 2018-2021 yillar davomida 1,3 milliard dollar mablagʻ ajratiladigan Hamkorlik strategiyasi imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda delegatsiya aʼzolariga oldinda turgan ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yanada yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy islohotlar, soliq tizimini rivojlantirish, xususiy tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlash, shuningdek davlat xususiy hamkorligini rivojlantirishga haqida reja va vazifalar haqida maʼlumot berildi.
Delegatsiya aʼzolari amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan qonunchilikni rivojlantirish, xususiy sektorga imtiyoz va preferensiyalar berilishi muhimligini taʼkidladilar. Bu oʻz oʻrnida Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligini oshirib, mamlakatning iqtisodiy oʻsishiga turtki beradi.
Tashrif yakunida tomonlar uchrashuvning yuqori mahsuldorligini qayd etib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash niyatida ekanliklarini taʼkidladilar.
Ma'lumot uchun: Islom taraqqiyot banki (ITB)1973-yil 18 dekabrda Islom Konferensiyasi Tashkilotining aʼzo davlatlar moliya vazirlari yigʻilishida tashkil etilgan va 1975-yil oktabr oyida oʻz faoliyatini boshlagan.
Oʻzbekiston va ITB o'rtasida hamkorlik 1991 yil boshlangan. Shu yil ITB Buxoro shahridagi bir qator tarixiy obidalar rekonstruksiyasi uchun grantlar ajratgan.