O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2018-09-15 | Jamiyat
AQSH Davlat kotibi yordamchisining iqtisod va biznes masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Brayyan Makfiters boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga doir muzokaralar oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov bilan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda ijobiy oʻsish kuzatilayotgani alohida qayd etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15-17 may kunlari AQSHga rasmiy tashrifi oʻzaro hamkorlik rivojiga kuchli turtki berdi. Tashrif doirasida mamlakatlarimiz oʻrtasida qiymati 4,8 milliard dollarga teng 20 dan ortiq shartnoma imzolangani buning tasdigʻidir.
Muloqot chogʻida mehmonlarga mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi, energetika tarmoqlarini isloh etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berildi.
– Biz mamlakatlarimiz oʻrtasida boshlangan hamkorlikning yangi davrini yuksak qadrlaymiz, – dedi Brayyan Makfiters. – Ochigʻini aytganda, Oʻzbekiston moliya-iqtisod sohasida amalga oshirayotgan salmoqli ishlari bilan barchani lol qoldirmoqda. Jumladan, biz soliq tizimi va xususiy sektordagi imtiyozlar jarayoni, investitsiya sohalarida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqdamiz.
Oʻzbekiston AQSHga muhim savdo sheriklaridan biri sifatida qaraydi. Ushbu mamlakat korxonalari bilan savdo, sarmoya va yuqori texnologiyalar sohalarida oʻzaro manfaatli aloqalar kengayib bormoqda. “General Motors”, “General Electric”, “John Deere”, “Boeing”, “Honeywell”, “ExxonMobil”, “Coca-Cola” kompaniyalari bilan hamkorlik bunga misoldir.
Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi konstruktiv muloqotni davom ettirishga qaratilgan intilishni gʻoyat qadrlashini alohida taʼkidladilar. Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikka doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev bilan muzokara chogʻida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi uchun muzokaralar jarayonini qayta tiklash, Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, shuningdek, joriy yil 15-19 oktyabr kunlari yurtimizda “AQSH biznes haftaligi”ni oʻtkazishga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, mazkur haftalik mamlakatimizda ilk bor tashkil etilmoqda. Uning doirasida AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida Savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim kengashi (TIFA) majlisi, Markaziy Osiyo savdo forumi va Oʻzbekiston – AQSH biznes-forumi oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Markaziy Osiyo savdo forumi Tashqi savdo vazirligi va USAID hamkorligida tashkil etilmoqda. Ushbu forum mintaqaviy savdoni rivojlantirish va Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yillik eng yirik tadbirlardan biridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida boʻlib oʻtgan muloqotda delegatsiya aʼzolariga mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, davlat organlarining ochiqligini taʼminlash, biznesni, elektron tijoratni rivojlantirish va boshqa sohalarda axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida soʻzlab berildi.
Mehmonlar mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, AT-taʼlim bilan tanishtirildi. AKT sohasida Oʻzbekiston – AQSH hamkorligining holati va rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi. “Microsoft”, “Cisco”, “IBM”, “Oracle” kabi Amerika kompaniyalari bilan hamkorlik haqida soʻz bordi.
AQSH delegatsiyasi tashrif doirasida mamlakatimizning boshqa vazirliklarida ham muzokaralar oʻtkazdi.