O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ikki xalq adabiy doʻstligi timsoli

2018-08-30 | Madaniyat

Poytaxtimizda atoqli Belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas xotirasini yod etish va uning byustiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi. 

Tadbirda taniqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat, sanʼat namoyandalari, adabiyot sohasi vakillari, yoshlar, Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari, Toshkent shahridagi “Svitanak” Belarus madaniyat markazi aʼzolari ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Yakub Kolasning xotirasi yod etilib, yuksak hurmat koʻrsatildi. Adib ijodiy faoliyati misolida oʻzbek va belarus adabiy aloqalarining kelgusi istiqboliga eʼtibor qaratildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, oʻzbek va Belarus xalqlari oʻrtasidagi davrlar sinovidan oʻtgan doʻstlik va birodarlik aloqalari bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Doʻstlik, hamkorlik rishtalarining mustahkamlanishida adabiyotning oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. 

Nazm, nasr, dramaturgiya, adabiyotshunoslik, badiiy publitsistika janrlarida birday barakali ijod qilgan Yakub Kolas ham belarus adabiyotining yorqin vakillaridan biri hisoblanadi. 
Yakub Kolas hayotida Oʻzbekiston alohida oʻrin tutadi. Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan 1941-1943 yillarda u oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan Belarus Fanlar akademiyasi tarkibida Toshkentga koʻchib kelib, ikki yildan ziyodroq vaqt oilasi bilan shu yerda yashagan. Bu davrda Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda singari oʻzbek adabiyoti vakillari bilan mustahkam ijodiy hamkorlik oʻrnatadi.

Toshkentda yashagan vaqtida adib “Oʻz yaqinlarimga”, “Rim – Berlin yoyida”, “Ona yer himoyachilariga”, “Kurashuvchi xalqqa”, “Yer ovozi” kabi oʻnlab sheʼrlar, “Dushman bilan uchrashuv”, “Doya Tanya”, “Razvedkada” qissalarini yozadi. 

Bugungi kunda ham Oʻzbekistonda Yakub Kolas ijodiga qiziqish yuqori. Mamlakatimizdagi adabiy nashrlarda uning asarlari muntazam chop etib kelinmoqda. Yakub Kolasning byusti poytaxtimiz markazidagi Shahrisabz va Shevchenko koʻchalari chorrahasidagi soʻlim xiyobonda oʻrnatilgani ham uning ijodi, shaxsiyatiga boʻlgan ulkan hurmat va ehtiromning yaqqol namunasidir.

Поделиться