O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonun loyihalari islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirilishini koʻzlaydi
2018-08-28 | Jamiyat
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar qonun ustuvorligini, sud-huquq tizimi isloh etilishini, iqtisodiyot rivojlantirilishi va liberallashtirilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishini taqozo etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27 avgust kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida ham ushbu yoʻnalishdagi islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator muhim qonun loyihalari koʻrib chiqildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlarning qizgʻin bahs-munozarasiga sabab boʻldi.
Mazkur qonun loyihasi jinoyat protsessi ishtirokchilari boʻlmish jabrlanuvchilar, guvohlar hamda boshqa ishtirokchilarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni toʻliq tartibga solishni koʻzda tutadi.
Qonun loyihasida jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish prinsiplari belgilab berilmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan himoya qilinadigan shaxslar hamda jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarini himoyasini taʼminlovchi davlat organlarining roʻyxati, xavfsizlik choralarining turlari hamda ularni qoʻllashning asoslari, xavfsizlik choralarini bekor qilish tartibi, himoya qilinuvchi shaxslar va davlat tomonidan muhofaza qilishni taʼminlovchi organlarning huquq va majburiyatlari koʻrsatib oʻtilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi jinoyat protsessi ishtirokchilarining qonunchilikka ishonchini yanada oshirib, ularning xavfsizligini kafolatlash, odil sudlovga erishish hamda jamiyatda jinoyatga jazo muqarrarligi prinsipining mustahkam qaror topishiga xizmat qiladi.
Majlisda, shuningdek, deputatlar tomonidan yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Deputatlar taʼkidlaganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilib, tashqi siyosat borasida rivojlangan davlatlar va eng avvalo, qoʻshni mamlakatlar, qolaversa, xalqaro tashkilotlar bilan doʻstona, oʻzaro manfaatli sheriklikni har tomonlama rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, oxirgi bir yarim yil ichida tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikka doir koʻplab hujjatlar qabul qilinib, shartnomalar imzolandi.
Ayni paytda iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar jabhalarda Oʻzbekiston bilan aloqalarni kengaytirishga xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar katta qiziqish bildirmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mavjud huquqiy hujjatlarni bugungi shiddatkor zamon talablariga moslashtirish, yurtimizning hozirgi rivojlanish strategiyasiga hamohang tarzda takomillashtirib borishni taqozo etmoqda.
Deputatlar mazkur qonun loyihasining qabul qilinishini tashqi siyosiy faoliyatning asosiy vositalaridan biri boʻlgan xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini shakllantirish va takomillashtirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar. Bu mamlakat uchun istiqbolli, amaliy ahamiyat kasb etadigan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalar tuzishga, pirovardida Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatidagi nufuzini yanada oshirishga yordam beradi.
Qizgʻin munozaralardan soʻng qonun loyihalari birinchi oʻqishda qabul qilindi hamda masʼul qoʻmitalarga muhokamalar chogʻida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda, ularni ikkinchi oʻqishga tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Shundan soʻng deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Navoiy viloyatining Konimex tumani va Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi Navoiy viloyati Konimex tumanining sanoat va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi ulushini oshirishga, shuningdek, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani Zafarobod qoʻrgʻoni maʼmuriy hududida yashovchi aholiga qulay sharoitlar yaratish hamda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda, shuningdek, parlament Qonunchilik palatasining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.