O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

AQSH delegatsiyasining uchrashuvlari

2018-08-16 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 15 avgust kuni AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili yordamchisi M.Linskott rahbarligidagi AQSH Savdo vakili ofisi delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-17 may kunlari AQSHga rasmiy tashrifi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Turli darajadagi delegatsiyalar uchrashuvlari muntazamlik kasb etgan. AQSH Savdo vakili ofisi delegatsiyasining tashrifi mamlakatlarimizning o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoya sohalaridagi aloqalarini yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. 

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida savdo munosabatlarida imkon qadar qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda. 2018 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarimiz tovar aylanmasi 256 million AQSH dollaridan ziyodni tashkil qildi. 

Uchrashuvda O‘zbekistonga savdo imtiyozlarini taqdim etish borasida intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha mamlakatimiz qator yutuqlarga erishayotgani qayd etildi. AQSH tomoni mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani alohida ta’kidlandi. 

M.Linskott Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ygani, bu o‘zaro sheriklik va manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochganini alohida qayd etdi. 

Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari –moliya vaziri J.Qo‘chqorov bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida mamlakatlarimiz hamkorligining joriy holati va istiqbollari, hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Mamlakat iqtisodiy sektorida kuzatilayotgan faollik, xorij kapitalini jalb qilishga qaratilgan turli forumlarning tashkil etilayotgani bunga imkon bermoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligida o‘tkazilgan muzokarada delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar ijrosi haqida so‘zlab berildi. Mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani, tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldo kuzatilayotgani, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi o‘sib borayotgani qayd etildi. O‘tishi kutilayotgan Markaziy Osiyo savdo forumi va O‘zbekiston – AQSH biznes-forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. 

AQSH delegatsiyasi shu kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Intellektual mulk agentligida ham muzokaralar o‘tkazdi. 

 

Ulug‘bek Shonazarov, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA

Поделиться