O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq ta’limi vazirligi Koreya Respublikasining Ta’lim vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

2018-08-13 | Ta’lim

Moliya va Xalq ta’limi vazirliklarining idoralararo delegatsiyasi joriy yilning 30-iyulidan 6-avgustiga qadar ishchi tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib qaytdi. Delegatsiya tarkibiga kirgan vazirlik va idoralar bo‘linma boshliqlariga Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Atabek Nazirov boshchilik qildi.

Safardan ko‘zlangan maqsad ta’lim tizimini boshqarish va moliyalashtirish bo‘yicha dunyoda eng rivojlangan va muvaffaqiyatli davlatlardan biri bo‘lgan Koreya Respublikasining tajribasini o‘rganish edi.

Koreya urushi tugagandan so‘ng mamlakat ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan bo‘lib, aynan shu qaror zamonaviy Koreyaning iqtisodiy muvaffaqiyatida muhim rol o‘ynagan.

Ta’lim tizimini moliyalashtirilish bo‘yicha davlatning alohida Qonuni mavjud bo‘lib, u byudjet mablag‘larini ajratish parametrlarini tartibga soladi. Shuningdek, ta’lim tizimini asosan maktab, maktabgacha va kam miqdorda oliy ta’limni (universitetlarning 90% xususiy) moliyalashtirishga qaratilgan alohida soliq turi mavjud.

Shuni ta’kidlash kerakki, Koreyada o‘qituvchi kasbining mavqei mansabdor shaxs maqomiga tenglashtirilgan. Qolaversa, o‘qituvchilar barqaror, yaxshi va muntazam ravishda oshib boruvchi oylik maoshidan tashqari davlat mansabdor shaxslari darajasida ko‘plab imtiyozlarga ega. Faqatgina ta’lim bo‘yicha hududiy qo‘mita o‘qituvchini ishga olish vakolatiga ega. Maktab direktori o‘qituvchini ishdan bo‘shatish yoki uning huquqlarini poymol etishga qaratilgan boshqa ta’sir o‘tkazish vakolatiga ega emas.

Ta’lim boshqaruv tizimi markazlashmagan va demokratlashtirilgan bo‘lib, Koreya Ta’lim vazirligi o‘z vakolatlarining ko‘pgina qismini xususan, byudjetni rejalashtirish va ta’lim boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda qaror qabul qilish vakolatlarini ta’lim bo‘yicha hududiy qo‘mitaga topshirgan.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, demografik tarkibiy jihatdan davlatlarimizning o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p.

Tashrifning ilk kuni delegatsiyani Koreya Respublikasi ta’lim vaziri o‘rinbosari janob Kim Yung Chul qabul qildi. Uchrashuv davomida janob Yung Chul Koreya Respublikasidagi ta’lim tizimining rivojlanish tarixi, 1940-yillardan boshlab Koreya ta’lim sohasi va umuman iqtisodiy rivojlanishda dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylanguniga qadar bo‘lgan davr bilan tanishtirdi. Bundan tashqari uchrashuvda maktab ta’lim tizimi mutaxassislari bilan o‘qituvchi va direktorlarni tanlash metodologiyasi, yangi maktablar qurilishi va moddiy-texnik ta’minotiga oid masalalar muhokama qilindi.

Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, maktab ta’limi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining xodimlariga masofadan turib Koreya Respublikasi ta’lim vazirligi tomonidan ekspert ko‘magini ko‘rsatish va maslahatlar berib borishga kelishildi.

Ikkinchi kun delegatsiya Tegu shahar hududiy qo‘mitasining Ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Kang Yon Xe xonim bilan uchrashdi. Delegatsiyani Janubiy Koreyada ilg‘or sanalgan ta’lim qo‘mitasining faoliyati bilan tanishtirishdi. Muhokamalar jarayonida hududiy qo‘mita amalda ta’lim tiziminito‘laqonli nazorat qilishi, ya’ni ta’lim sifati, o‘quv dasturi metodikasi, o‘qituvchilarni maktablarga taqsimlash, maktablarga byudjet ajratishni qo‘mita nazorat qilishi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, hududning iqtisodiy va demografik prognoziga ko‘ra, yangi maktablar ochish qarori ham qo‘mita vakolatiga kiradi.

Kun natijalariga ko‘ra, yaqin munosabatlar o‘rnatish, ta’lim tizimini hududiy darajada boshqarish sohasida tajriba va bilimlarni almashinish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, boshlang‘ich maktablar o‘rtasida ibratli maqomga ega Tegu shahridagi “Dongshin” maktabiga tashrif uyushtirildi. Har bir bola ro‘yxatga olingan mikrohududi bo‘yicha maktabga qabul qilinishi haqida aytib o‘tildi.

Uchinchi kuni delegatsiya Ta’lim sohasidagi tadqiqot va axborot texnologiyalari xizmati KERIS (Korea Education and Research Information Service)ning direktor o‘rinbosarlari janob Sanghun Jang va janob Cho Suk-Yunlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ular vakillarimizni kelajak ta’limi sohasidagi so‘ngi ishlanmalari bilan tanishtirdi. Shuningdek, yangi texnologik sinflar taqdimoti, maktabgacha ta’lim uchun mo‘ljallangan interaktiv elektron darslik va robotlardan foydalanish usullari namoyish etildi.

“NEIS” (National Education Information System) va “EDUFINE” (Education Finance System) dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari delegatsiya a’zolari bilan seminar o‘tkazib, unda mazkur dasturlar bilan ishlash, ularning maktab, qo‘mita, vazirlik darajasida ta’lim tizimini boshqarishning umumiy jarayoniga ta’siri bo‘yicha masalalar batafsil muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, NEIS tizimi ota-onalarga farzandi va o‘qituvchilar faoliyati haqida ko‘proq ma’lumot olish, shuningdek, o‘qituvchilarga hisobot yuritish imkonini beradi. EDUFINE tizimi moliyaviy oqimlar shaffofligini ta’minlaydi. EDUFINE ma’lumotlar bazasi davlatdagi barcha maktablar ma’lumotini o‘z ichiga oladi va hisob palatasi hamda soliq organlari bilan integrallashgan hisoblanadi.
Kun natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimida bu kabi IT infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia markazi va KERIS instituti o‘rtasida yaqin hamkorlikni qayta tiklash va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

To‘rtinchi kuni delegatsiya 1972-yilda tashkil etilgan, Koreya Respublikasi Bosh vaziri huzuridagi Ta’limni rivojlantirish instituti KEDI (Korea Educational Development Institute) prezidenti Ban Ki Xin bilan uchrashib, institut faoliyati bilan tanishdi. Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari – xodimlarni (o‘qituvchilarni) strategik o‘qitish, ta’lim tizimini boshqarish bo‘yicha tavsiyalar, ta’lim tadbirlari va siyosatini ishlab chiqish, ta’lim sohasidagi tadqiqot loyihalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirishdan iborat.

Uchrashuv so‘ngida KEDI prezidenti O‘zbekistonda shu kabi markazni tashkil etishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Tashrifning beshinchi kunida SETI (Seoul Education Training Institute) Seul o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti ijrochi direktori janob Jong Yong Mun bilan uchrashib, vakillarimiz nafaqat o‘qituvchilar uchun, balki qo‘mita va maktab ma’muriyati, xodimlari va direktorlari uchun ham qayta tayyorlash kurslarini o‘tishni ta’minlaydigan institut faoliyati bilan tanishtirildi.

Uchrashuv yakunida SETI instituti rahbariyati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun dasturlar tayyorlashda yordam ko‘rsatish va hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Delegatsiya tashrifining so‘nggi, oltinchi kunida “Eksimbank Korea” loyihasi rahbarlari va KEFA savdo kompaniyasining maslahatchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Rasmiy uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakillari ishtirok etib, unda O‘zbekiston Respublikasidagi barcha maktablarning kompyuter sinflarini uskuna va jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha “Maktab ta’limi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Delegatsiyaning Koreya Respublikasiga tashrifi yakuni bo‘yicha tomonlar maktab ta’limini hududiy boshqarish sohasini o‘rganish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilish va tajriba almashish, shuningdek kelgusida o‘qituvchilar malakasini oshirish faoliyatini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.

Поделиться