O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Maqom – milliy qadriyatlar sarchashmasi

2018-08-08 | Madaniyat

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Anjuman milliy maqom san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san’atimizga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan tadbir turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda. 

Prezidentning 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Shahrisabz shahrida o‘tkazilishi belgilangan Xalqaro maqom san’ati anjumani birinchi marta joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 

Ayni vaqtda tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Tadbir uchun amfiteatr, yurtimizning barcha hududlarining milliy an’ana va urf-odatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, ijodiy chiqishlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydoni hududida maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandlik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etilishi yuzasidan choralar ko‘rilmoqda. 

Oltmishga yaqin davlatdan ishtirokchilar qatnashishi ko‘zda tutilayotgan anjumanga ayni vaqtgacha 27 davlatdan murojaatlar bo‘lgan. 

Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, milliy maqom san’atimiz namunalaridan ijro etadigan, mazkur anjumanda o‘z iste’dodini namoyon etadigan san’atkorlarimiz saralandi. Tadbirda 7 jamoa, 5 yakkaxon ijrochi va 6 sozanda ishtirok etadi. 

Mazkur yirik anjuman doirasida “Maqom san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda. Unda xorijiy mamlakatlardan musiqashunos, maqomshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. 

 

Barno Meliqulova, O‘zA

Поделиться