O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimizning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarida 161 “Tomorqa xizmati” korxonalari tashkil etildi
2018-08-08 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining “Tomorqa – to‘kin dasturxon manbai” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori To‘lqin Sattorov va boshqalar mamlakatimizda dehqonlarning mehnatini rag‘batlantirish, ularga iqtisodiy ko‘mak berish, faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda aholining munosib hayot kechirishini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentning 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tashkil etilgan Jamg‘armaning asosiy faoliyati tomorqa yer egalariga agrotexnika va veterinariya bilan bog‘liq kompleks xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish, xonadonlarda tomorqa madaniyatini shakllantirish orqali tomorqani rivojlantirish, ko‘rilayotgan daromadni 2 barobarga oshirish kabi maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Ayni paytda yurtimizning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarida 161 “Tomorqa xizmati” korxonalari tashkil etildi. Hozirgi vaqtgacha Jamg‘arma hisobiga 200 milliard so‘m mablag‘ jalb etilgan. Mamlakatimizdagi bir qator tijorat banklari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, buning natijasida mamlakatimizdagi dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari o‘zlarining xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun past foizli kreditlar bilan ta’minlanish imkoniga ega bo‘ldi.
Bugungi kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tavsiyasiga ko‘ra, aylanma mablag‘larga muhtoj va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan 40 ta, jumladan, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 5 tadan, Navoiy, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida 4 tadan, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida 3 tadan, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 tadan tomorqa xizmati korxonalari tashkil qilinmoqda. Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi 3 tomorqa xizmati korxonalariga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1,8 milliard so‘m miqdoridagi kredit ajratildi.
Davron Sunnatov, O‘zA