O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy press-klubda bo‘lib o‘tgan brifing to‘g‘risida
2018-07-26 | Siyosat
2018-yilning 25-iyul kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning taklifiga binoan Diniy erkinliklarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan vazirlar konferensiyasida ishtirok etish uchun Vashingtonga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Milliy press-klubda “O‘zbekistonda diniy erkinliklarning yangi davri” mavzusida maxsus brifing o‘tkazdi.
Vazir Abdulaziz Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘z nutqlarida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi mamlakatimizda yashayotgan turli din va konfessional guruhlarga nisbatan bag‘rikenglik va hurmat bilan munosabatda bo‘linganidan darak beradi.
Brifing qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida diniy erkinliklarni ta’minlash va ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Mamlakatimizda 140 ta millat, 16 ta konfessiya vakillari tinchlik va totuvlikda yashab, ular davlatning siyosiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Milliy press-klub majlisida ishtirok etgan jurnalistlar, ekspertlar, siyosatshunoslarning savollariga ham javob berdi.
Brifingda Amerika tomonidan AQSH Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori J.Kolbert, Global jalb etish instituti prezidenti J.Chen, Vashington Universiteti professori K.Saypl nutq so‘zlashdi.
Brifingda shuningdek AQSH ma’muriyati, Kongress, ekspert-tahlil va ishbilarmonlik doiralari, diniy va boshqa nohukumat tashkilotlarning vakillari ishtirok etishdi.