O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2018-07-26 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mahalliy kino sanoati milliy madaniyat va san’atni rivojlantirishga, yoshlarni sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, keksa avlodga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga bebaho hissa qo‘shmoqda. Kino inson bilimini orttirishda muhim rol o‘ynaydi, uning boy mazmuni esa aholining bilimdonlik darajasiga bevosita ta’sir qiladi. 

Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning haqiqiy holati milliy kino sanoatining jadal rivojlanishiga, kino bozorida raqobatbardoshligini oshirishga, uni xorijda targ‘ib qilishga to‘sqinlik qiladigan bir qator hal etilmagan muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan: 

birinchidan, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasining pastligi, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik ishlarining lozim darajada sifatli emasligi, yoshlar uchun ma’naviy namuna bo‘lib xizmat qiladigan badiiy obrazlarning ko‘pincha mavjud emasligi yosh avlodni jasorat va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash, yot “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashish kabimilliy kinematografiyaning asosiy maqsadlarini amalga oshirish imkonini bermayapti; 

ikkinchidan, kino mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha davlat buyurtmasini berish yuzasidan shakllangan amaliyot qo‘llanilayotgan tartib-taomillarning ochiqligi va shaffofligini, byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlamayapti, shuningdek, kinematografiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda; 

uchinchidan, kino sanoati sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasining, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining o‘zini qoplay olishi va daromad keltirishiga qaratilgan zamonaviy marketing tadqiqotlari va aniq maqsadli kino ishlab chiqarish dasturlarining mavjud emasligi milliy kinematografiyaning yuqori zarar bilan ishlashiga sabab bo‘ldi; 

to‘rtinchidan, kinoprokat va respublika bo‘ylab kino mahsulotlarini yetkazib berish samarasiz tizimining mavjudligi, ishlab chiqarilgan kino mahsulotlarining yetarli darajada targ‘ib qilinmasligi sababli aholining sust xabardorligi kinoprokatchilar daromadlariga, kinokompaniyalarning ijodiy va ishlab chiqarish xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, shuningdek, kinoteatrlar tarmog‘i faoliyatining tugatilishiga olib keldi; 

beshinchidan, davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlariga ajratiladigan mablag‘larning yetarli emasligi, kino ishlab chiqaruvchilarni soliqqa tortish tizimining samarasizligi va yuqori soliq yuki kino sanoati sohasining daromadliligini cheklamoqda va kinematografiyaning umumjahon rivojlanish tendensiyalariga muvofiq ilg‘or innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirmayapti; 

oltinchidan, kino sohasida kadrlarni tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ixtisoslashtirilgan, shu jumladan xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, kino san’ati vakillarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari tashkil etilmagan; 

yettinchidan, mualliflik huquqi obyektlarini, shu jumladan kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishini aniqlash va oldini olish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, o‘g‘rincha ko‘chirib olishga qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarini yuqori darajada noqonuniy aylanishiga va mamlakatning kinokompaniyalari hamda kinoteatrlariga sezilarli zarar yetkazilishiga olib kelmoqda; 

sakkizinchidan, mahalliy sara kinolentalarni jahonga mashhur xalqaro kinofestivallarga taqdim etish, shu jumladan ularda ishtirok etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmayapti, madaniy o‘zaro almashinuv darajasining pastligi esa milliy kinematografiyani xorijda faol targ‘ib qilinishiga va uning jahon kino maydoniga qo‘shilishiga imkon bermayapti. 

Mamlakatda kino sanoatini yanada rivojlantirish, kinokompaniyalarni tanlab olishningshaffofligini ta’minlash, kinematografiya sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida: 

1. “O‘zbekkino” Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda “O‘zbekkino” MA deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zbekfilm” AJ aksiyadorlarining: 

“O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyatini jamiyat tarkibidan chiqib ketadigan aksiyadorlar bilan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda hisob-kitobni amalga oshirgan holda “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasi etib qayta tashkil etish; 

“Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasini mamlakatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini va davlat va jamiyat hayotidagieng muhim sohalarda erishilgan yutuqlarni tasvirga olish va ularni keyinchalik arxivlashtirish bo‘yicha vazifalarni yuklagan holda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlash; 

“O‘zbekkino” MAning hududiy bo‘linmalari negizida ularning shtatlar birliklarini, bino va boshqa moddiy-texnika bazasi, shuningdek, 2020-yilning 1-yanvariga qadar muddatda amaldagi moliyalashtirish manbalarini saqlagan holda “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasining filiallarini tashkil etish; 

“O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” davlat muassasasini uning balansida bo‘lgan mol-mulk va boshqa moddiy-texnik qimmatliklarni (ko‘chmas mulkni bepul foydalanishga) topshirish orqali nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin, uning ustav organlarini shakllantirishda zaruriy amaliy yordam ko‘rsatsin. 

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra: 

2019-yilning 1-yanvaridan boshlab, “O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kinomahsulotlarning yillik tematik rejasi yuzaga kelayotgan vaziyat, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlargabo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi; 

ishlab chiqariladigan badiiy filmlarni davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar bo‘yicha kvotalash tizimi joriy etiladi; 

2019-yil 1-yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, mamlakatdagi barcha kinoteatrlarda namoyish etiladigan mahalliy badiiy filmlar namoyishi hajmlarini – sutkada ikkitadan kam bo‘lmagan shu kabi to‘liq metrajli filmlar bilan, 2021-yil 1-yanvardan esa oylik ekran vaqtining 25 foizidan kam bo‘lmagan, bayram kunlari 40 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda kvotalash tizimi joriy etiladi; 

davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning smeta xarajatlarida ko‘rsatilgan mablag‘ning 10 foizi faqatgina ularning reklamasi va televideniye, radio va Internet tarmoqlaridagi piar-kompaniyasiga, shuningdek, tashqi reklamasini joylashtirish uchun foydalaniladi; 

davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda reklama qilish,milliy teleradiokompaniya telekanallarida namoyish qilishda “O‘zbekkino” MAning shaxsiy koni mahsulotlari uchun mualliflik va mulkiy huquqlariga rioya qilgan holda, imtiyozli shartlarda amalga oshiriladi; 

kinokompaniyalarning, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ishtirokifaqat “O‘zbekkino” MA tomonidan qonun hujjatlariga asosan tashkil etiladigan tanlov asosida amalga oshiriladi; 

“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda “O‘zbekkino”MA tomonidan tasdiqlanadi; 

“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tarkibiga, Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi bo‘yicha kinomahsulotni ishlab chiqarishninghar bir bosqichi yakunida tayyor mahsulotning rejissyorlik ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligihamda kinomahsulot yaratish to‘g‘risidagi shartnomada o‘rnatilgan boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholash amalga oshiriladi, so‘ngra ushbu kinomahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi. 

“O‘zbekkino”MA O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi  
va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018yil 1oktyabrga qadar muddatda davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlari uchun konkurs tashkil etish va uni o‘tkazish tartibi, shu jumladan konkursda qatnashadigan kinokompaniyalar uchun talablarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi PQ–3176-son qarori bilan tashkil etilgan Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasining: 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda institutda “Ijro etuvchi prodyuser” va “Kinorejissura va kinodramaturgiya” yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki saralashdan o‘tgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislarini S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (keyingi o‘rinlarda – BKDI) qoshidagi “Kino va televideniye”ningoliy kurslariga o‘qishga yuborish; 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yo‘nalishlari iqtidorli bitiruvchilari uchun BKDI assistentura-stajirovkasida “Ijro etuvchi prodyuser”, “Dramaturgiya” va “Audiovizual san’at rejissurasi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishlarni tashkil etish; 

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash bo‘yicha BKDI filialini (qo‘shma fakultetini) ochish, o‘qituvchilik faoliyatiga BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida avval tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislarni, shuningdek, master-klasslar o‘tkazish uchun institut professor-o‘qituvchilarini jalb qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

4. “O‘zbekkino” MA O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda2018 yil 1 dekabrga qadar bo‘lgan muddatdaBKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchilari hamda respublika mutaxassislari o‘qishini tashkil etish, shuningdek, Toshkent shahrida institut filialini (qo‘shma fakultetini) ochish bo‘yicha BKDI rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazsin. 

Belgilansinki: 

BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida o‘qishga yuboriladigan shaxslar soni “O‘zbekkino” MA tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda tegishli sohamutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda belgilanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi; 

BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi tomonidan markazga ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi; 

BKDI oliy kurslarida va assistentura-stajirovkasida o‘qish uchun saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bilan shartnomalar tuziladi. Shartnomalarda nomzodlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida hamda BKDIning Toshkent shahrida tashkil etiladigan filialida (qo‘shma fakultetida) kamida uch yil muddatda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyati belgilab qo‘yiladi. 

5. Quyidagilar asosiy vazifalari etib belgilangan “O‘zbekkino” milliy agentligi huzurida Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etilsin: 

kinoindustriya sohasining, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar kinokompaniyalarning ijodiy-ishlab chiqarish, texnik va boshqa xodimlarini shartnoma asosida rejissura, prodyuserlik, aktyorlik mahorati, kinooperatorlik, animatsiya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish; 

nazariy jihatdan tayyorlashni amaliy ishlar bilan integratsiya qilish, kinoindustriya sohasida tajribaga ega malakali o‘qituvchilar va mutaxassislarni, shuningdek, xorijiy ekspertlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlariga jalb qilish; 

metodik va axborot bazasini yaratish, yaxshilash, doimiy yangilab borish, kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha zarur o‘quv qo‘llanmalari hamda tavsiyalarini ishlab chiqish; 

kinoindustriya sohasi xodimlarinixorijiy kinokompaniyalarda qayta tayyorlanishi va ularning malakasi oshirilishini tashkil etish, chet ellik hamkorlar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish. 

Belgilab qo‘yilsinki: 

Markaz davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etiladi; 

Markaz kinoindustriya sohasining, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar kinokompaniyalarning ijodiy-ishlab chiqarish, texnik va boshqa xodimlarini o‘qitish uchun olinadigan mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi; 

Markazga “O‘zbekkino” MA bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va egallab turgan lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi. 

6. Quyidagilar: 

“O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston Respublikasida kinoindustriyani yanada takomillashtirish “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq; 

“Uchta shahar”, “101” va “Qahramonlar” loyihalarini amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

“Uchta shahar” loyihasini amalga oshirish doirasida kompleks tashkiliy-texnik va huquqiy masalalarning sifatli hamda o‘z vaqtida hal etilishi uchun: 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining raisi S.R. Xolmurodov – “Xalq diplomatiyasi shahri” majmui qismi yuzasidan; 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov – “Etnoshahar” majmui qismi yuzasidan; 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvining raisi A.S. Sultonov – “Kinoshahar” majmui qismi yuzasidanshaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin. 

7. “O‘zbekkino” MA O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston kinematografiyasini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili eng yaxshi mahalliy kino mahsulotlarini Kann, Berlin, Venetsiya, Rotterdam, Pusan, Moskva va boshqa mashhur xalqaro kinofestivallarda, shuningdek, jahonning yirik nufuzli kinobozorlarida namoyish etilishini ta’minlasin. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zbekkino” MAning asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha xalqaro kinofestivallar  
va kinobozorlarda mahalliy kino mahsulotlarini namoyish etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun “O‘zbekkino” milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini hisobga olgan holda byudjet mablag‘larini ajratsin. 

8. 2018-yil 1-avgustdan boshlab “O‘zbekkino” MA markaziy apparatining xodimlariga ularning mehnatiga haq to‘lash oylik jamg‘armasining 100 foizi miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan shaxsiy ustama belgilansin. 

9. 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga: 

kino mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning prokati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan, bundan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ajratmalar mustasno, shuningdek,o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan kino ishlab chiqarish va kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari); 

“O‘zbekkino” MA o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatbo‘yicha “O‘zbekfilm”, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi”, “Respublika kinofondi”, “Respublika kinoprokat markazi”, “Multiplikatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonalarini qayta qurish va jihozlash doirasida olib kiriladigan kino ishlab chiqarish hamda kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari) ozod etilsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablari, shuningdek, kinoindustriya sohasidagi boshqa ustuvor vazifalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga: 

a) 2018-yil 1-avgustga qadar kinematografiya sohasida talab yuqori bo‘lgan kadrlarni (kinodramaturg, kinorejissyor, kinoprodyuser va boshqalar) tayyorlovchi yangi fakultet ochishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini; 

b) 2018-yil 1- noyabrga qadar: 

“Kinematografiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini; 

O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy kinokompaniyalar tomonidan badiiy filmlarni kinoga, videoga tushurishdagi tartib-taomillar  
va talablarni yanada soddalashtirishga doir takliflarni kiritsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 272-son qarorining 4-bandida ko‘rsatilgan yagona kinoprokat elektron tarmog‘ini ishlab chiqish, kinoteatrlarni optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat tarmog‘iga bosqichma-bosqich ulash, kinoteatrlarda elektron kinochiptalarning tezkor hisobini yuritish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin. 

12. “O‘zbekkino” MA Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasi, 1a-uy manziliga joylashtirilsin. 

13. “O‘zbekkino” MA Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish  
va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                    Sh.Mirziyoyev 

Toshkent shahri, 2018 yil 24 iyul

PQ-3880

Поделиться