Termizda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov Afg‘oniston Islom Respublikasi “Afghon-German” qo‘shma korxonasi ta’sischilari Samiulloh Samkaniy va Abdulvahob Kaimiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari, ayniqsa, keyingi yillarda yanada mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Afg‘on fuqarolari uchun ixchamlashtirilgan viza tartibi joriy etilgani bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirdi. Shunga muvofiq, mamlakatimiz tadbirkorlari bilan afg‘on ishbilarmonlari doirasining teng sheriklikka asoslangan aloqalari rivojlanib borayotgani buning yorqin tasdig‘idir.
O‘zbekiston qo‘shni davlatda yirik loyihalarni amalga oshirib, temir yo‘l, suv ta’minoti tarmog‘i, ko‘priklar barpo etgan. Elektr energiyasi yetkazib bermoqda. Termizda afg‘on fuqarolariga ta’lim berish markazi faoliyat yuritayotir. Kobul shahrida O‘zbekistonning savdo uyi tashkil etilgan. Joriy yilda Termiz shahrida “Ochiq Janub” deb nomlangan Surxondaryo viloyatining investitsion, eksport va turizm salohiyatini yoritishga bag‘ishlangan xalqaro biznes-forumda ishtirok etgan 70 dan ortiq afg‘on tadbirkorlari ikki tomonlama shartnomalar imzolagani ham mamlakatlarimiz o‘rtasida shakllangan mustahkam hamkorlik aloqalarining amaldagi samarasidir.
Uchrashuvda qo‘shni davlat tadbirkorlariga viloyatdagi qulay ishbilarmonlik muhiti va xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar, vohada yuz berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar, amalga oshirilayotgan yirik qurilish-bunyodkorlik ishlari xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Muloqotda qurilish sohasida boy tajribaga ega “Afghon-German” qo‘shma korxonasi viloyatga 10 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi, Termiz shahrida zamonaviy turar joy komplekslari va mehmonxona qurish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA