O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tanlama kuzatuvini tashkil etish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi
2018-07-20 | Jamiyat
Joriy yilning 16 – 18 iyul kunlarida 2018 yil avgust oyida Toshkent viloyati Qibray tumanida dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklarida tajriba tariqasida yer uchastkalari egalari tanlama kuzatuvini tashkil etish va o‘tkazish mavzusida maxsus tuzilgan ishchi guruh a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahalla faollari ishtirokida Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazida hamda Qibray tumani hokimligida o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tdi.
Tanlanma kuzatuvni tashkil etish va o‘tkazishning asosiy maqsadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “PQ-3165-son qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi”ning 23-bandida hamda mazkur dastur ijrosi yuzasidan Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yil 25 sentyabrdagi 01/1-01-8-84-son Harakatlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashda aholining ishtirokini tavsiflovchi muhim ko‘rsatkichlarni shakllantirish uchun 2020 yilda qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari egalari mikro ro‘yxatini sifatli o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish hisoblanadi. Shuningdek:
- qishloq xo‘jaligining holati va tarkibi to‘g‘risidagi axborot resurslarini shakllantirish, uning mavjud va resurs salohiyatidan foydalanish;
- qishloq xo‘jaligi sohasida statistik hisob tizimini takomillashtirish;
- statistik ko‘rsatkichlarni hisoblashda asosiy baza sifatida foydalaniladigan qishloq xo‘jaligini batafsil tavsiflovchi ma’lumotlarni olish;
- xalqaro taqqoslashlar uchun axborotlar bazasini kengaytirish.
Tanlanma kuzatuvning asosiy vazifalari:
- qishloq xo‘jaligi statistikasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar tizimini kengaytirish;
- dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ishni tashkil etish usullarini takomillashtirish;
- qishloq xo‘jaligi hisob-kitoblari va tahlilining sifatini tubdan oshirish uchun zarur bo‘ladigan axborotlar asosini yaratish hisoblanadi.
Tanlama kuzatuvlar Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil 14 iyundagi 66-son buyrug‘iga asosan shu yil 6-20 avgust kunlarida Qibray tumanidagi “NAVRO‘Z”, “ALISHER NAVOIY”, “PO‘LAT QADAM”, “DARXAN”, “HOSILDOR”, “YANGI YO‘L”, “BAHOR”, “ISTIQLOL” mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilishi belgilangan.
Tanlama kuzatuvlarni o‘tkazish uchun tumandagi mavjud 86 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 8 tasi (10 foiz) jami 38798 ta dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklaridan 4040 tasi (10,4 foiz) tanlab olindi.