O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

UNICEF​ bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

2018-07-19 | Jamiyat

Shu kunlarda BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICEF​) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. 

Delegatsiyaning tashrifi munosabati bilan 18 iyul kuni poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida UNICEF​ bilan hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, deputatlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari T.Norboyeva va A.Abduhakimov, UNICEF​ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori A.Xon so‘zga chiqdi. 

Ta’kidlanganidek, BMTning Bolalar jamg‘armasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblangan ona va bola salomatligi, ular o‘rtasida o‘lim darajasini kamaytirish, onalar va bolalar oziqlanishi borasidagi eng ilg‘or tajribani hayotga tatbiq qilish, OIVning oldini olish bo‘yicha qonun ijodkorligi, sohada mavjud muammolarni aniqlash va ularga yechim topishdek muhim masalalarda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda 2016 yilda mamlakatimizda UNICEF​ bilan imzolangan hamkorlik dasturi muhim o‘rin tutmoqda. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan ushbu hujjat bolalar farovonligi bilan bog‘liq strategik yondashuvlarni o‘zida aks ettirgan. Mamlakatimizda UNICEF​ bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqi ko‘magida bolalarni migratsiya ta’siridan asrashga qaratilgan yangi loyihaning amalga oshirilishi bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda. 

Yig‘ilishda mamlakatimizda UNICEF​ bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar ko‘lami, e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim hamda bandlik va mehnat munosabatlari vazirlarining ma’ruzalari tinglandi. 

Qayd etilganidek, so‘nggi ikki yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat boshqaruvining barcha yo‘nalishlarida izchil islohotlar olib borilmoqda. Ijtimoiy sohani isloh qilishga oid yuzdan ziyod hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, o‘tgan yili joylardagi 126 qishloq vrachlik punkti va 180 qishloq oilaviy poliklinikasi “Salomatlik – 3” loyihasi doirasida umumiy qiymati 6,5 million AQSH dollariga teng tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 

Mamlakatimizda ayollar reproduktiv salomatligi, bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Patronaj hamshiralarining bilim va malakasini oshirishda UNICEF​ bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

– Mamlakatimizdagi 10 mingga yaqin umumta’lim maktabida 5 milliondan ziyod o‘quvchi ta’lim oladi, – dedi xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov. – Bu esa sohaga alohida e’tiborni talab etadi. Shu ma’noda yurtimizda keyingi yillarda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘plab me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish orqali ta’lim sifatini oshirish masalalari bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Bugungi tadbirda UNICEF​ ishtirokida ayni vazifalar ijrosini ta’minlash borasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdik. 

Yig‘ilishda, shuningdek, hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘mak berish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, kamsitish va beparvolikning oldini olish, ijtimoiy sohada malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi. 

– Uchrashuvda O‘zbekiston bilan UNICEF​ o‘rtasida hamkorlikda ro‘yobga chiqarilgan loyihalar va tashabbuslarni sarhisob qildik, – dedi A.Xon. – Yurtingizdagi ijobiy o‘zgarishlar va islohotlar munosabatlarimizni yanada rivojlantirishni taqozo qilmoqda. 

 

Malohat Husanova, A’lo Abdullayev (surat) O‘zA

Поделиться