O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ekoharakatda YXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida Axborot resurs markazi ochildi
2018-07-18 | Ekologiya
Joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston ekologik harakati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida Ekoharakatning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida aholining ekologik xabardorligi, ekologik madaniyati va bilim darajasini oshirishga qaratilgan Axborot-resurs markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston ekologik harakati xodimlari va faollari, YXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, sohada faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlaridan mutaxassislar, Ekoharakatning Toshkent shahri va viloyati hududiy bo‘linmasi Kengashi a’zolari, jurnalistlar va umuman keng jamoatchilikdan vakillar ishtirok etishdi.
Yuqorida nomi zikr etilgan Axborot resurs markazi Ekoharakat, YXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida amalga oshirilgan “Atrof muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston ekologik harakatiga ko‘maklashish - Faza II” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Axborot resurs markazini tashkil etishdan maqsad, nafaqat markazda balki respublikaning barcha hududlarida atrof muhitni muhofaza qilish ishlarida jamoatchilik ishtirokini har tomonlama kuchaytirish, aholining ekologik bilim va madaniyatini, ekologik xabardorligini oshirish, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashish, qolaversa ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ekologiya, tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan NNTga, shuningdek, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, shuningdek ommaviy axborot vositalarini ekologik ma’lumotlar bilan ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Atrof muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston ekologik harakatiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida o‘tgan davr mobaynida bir qator ishlar amalga oshirildi. 2016 yilning 12 avgust kuni Ekoharakatning Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida aholining ekologik xabardorligini oshirishga qaratilgan Axborot-resurs markazi tashkil etilib, ushbu markaz bugungi kunda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, joylarda sodir etilayotgan ekologik qonunbuzarlikliklar haqida tezkor ma’lumotlar olish, ularni bartaraf etish va oldini olish, mas’ul organlar e’tiborini tortish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, uzluksiz ekologik ta’lim-tarbiya tizimiga ko‘maklashish, jamoatchilikni atrof muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb qilish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish O‘zbekiston ekologik harakatining asosiy dasturiy vazifalaridan bir sanaladi. Shundan kelib chiqib o‘tgan davr mobaynida Ekoharakat qator xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan uzviy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, YEXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda atrof muhit musaffoligini taminlashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan amaliy aksiyalar, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, mutaxassislarning xorijiy davlatlarda o‘z tajribalarini oshirishga ko‘maklashish, yurtimizda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida jahon hamjamiyatini tanishtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shular jumlasidandir. Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 7-8 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzuida xalqaro konferensiyadir. Tadbir ishtirokchilari Ekoharakat qoshida o‘z faoliyatini boshlagan Axborot resurs markazi ham xalqaro konferensiyaning yakuniy hujjatida aks ettirilgan vazifalarning bajarilishiga yaqqol misol ekanligini alohida qayd etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda mahalliy, mintaqaviy va global miqyosdagi ekologik muammolarni hal etish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini aholi orasida keng targ‘ib etish, atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni sog‘lomlashtirish ishida jamoatchilik ishtiroki faolligini har tomonlama kuchaytirishda, eng asosiysi jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Tadbirda ekologik nazorat sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi, atrof muhit sohasidagi qonunlar talablarining bajarilishi va ushbu yo‘nalishdagi davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNT, OAV va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining o‘zaro hamkorligiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ishtirokchilar Ekoharkatning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida faoliyatini boshlagan “Axborot resurs markazi”, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof muhitni muhofaza qilish ishlarida jamoatchilik ishtiroki faolligini kuchaytirish, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda NNT ishtirokini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar qabul qilindi.