O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hokim yoshlar bilan uchrashdi
2018-07-16 | Jamiyat
Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov yoshlar bilan uchrashdi.
Unda mamlakatimizda yoshlarning intilish va va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning joriy yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvida ishtirok etgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining ijrochi direktori B.Bahrombekov jamg‘arma mablag‘laridan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oya va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo‘yicha kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish, yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko‘nikmalarini singdirish kabi muhim vazifalar haqida ma’lumot berdi.
– “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi men kabi minglab yoshlarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlar yaratdi, – deydi urganchlik yosh tadbirkor Maqsuda Madrimova. – Men 3 yildan buyon qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanaman. Ilgari ham bank kreditidan foydalanganman. Ammo eng kami 14 foizli kredit mablag‘ini olish uchun garov ta’minotida qiynalgan edim. Endi yangi tashkil etilgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi 7 foizli kredit, shuningdek, garov ta’minotining teng yarmini o‘z kafilligiga olishi yosh tadbirkorlar uchun zo‘r imkoniyatdir. Misol uchun, men bugun oyiga 10 million so‘mdan daromad qilmoqdaman. Agar yetti foizli kredit olishga erishsam, oylik daromadim 15 millionga yetadi. Bu – men yana kamida uch tengdoshimni ish bilan ta’minlay olishimni bildiradi.
Uchrashuv davomida joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan muammolar o‘rganildi.
– Bugun sizlarning orangizda tashabbuskor, yaxshi g‘oyalarga ega iste’dodli o‘g‘il-qizlar ko‘pligiga yana bir bor amin bo‘ldim, – deydi Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi F.Ermanov. – Ushbu Davlat dasturi asosida viloyatimiz yoshlari uchun 289 loyihaga 43 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi belgilangan. Amalga oshirilgan loyihalar natijasida 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Biz iste’dodli yoshlarni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ushbu kredit mablag‘lari ularning qo‘liga o‘z vaqtida va to‘liq yetib borishi ta’minlanadi. Eng muhimi, dastur ijrosini ta’minlash jarayonida chet davlatlarda ishlab yurgan yoshlarimizni ham yurtga qaytarib, ularning bandligini ta’minlashga e’tibor qaratamiz. Buning uchun biz barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanamiz.
Tadbir davomida yoshlarning talab va istaklari, ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi.
A. Shokirov, O‘zA