O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda biznes forum
2018-04-13 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz ipakchilik sektorida yangi loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bu haqda Buxoroda o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Yevropa ipakchilik forumi” hamda tabiiy ipak matolardan tayyorlangan milliy liboslar namoyishida urg‘u berildi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Sharipov, Italiya ipakchilik uyushmasi prezidenti Stefano Vitali va boshqalar O‘zbekistonda barcha sohalarda, jumladan, qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani samarasida ulkan yutuqlarga erishilayotganini ta’kidladi.
Ipakchilik sektorida yangi loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad soha samaradorligini kompleks tarzda oshirish, jumladan, yuqori mahsuldor intensiv tutzorlar barpo etish, ipak qurti ishlab chiqarish, hosilni yetishtirish, ipak tolasini ajratib olish, yuqori sifatli gazlamalar ishlab chiqarish hamda eksport qilish sohasidagi zamonaviy nou-xaular va tajribalarni qo‘llashdir. Qo‘shilgan qiymatlar zanjirini takomillashtirish va eksport salohiyatini yuksaltirish, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratish loyihasini amalga oshirishda OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlik doirasida uning grant resurslaridan foydalanish qo‘l keladi. Loyihaning birinchi bosqichida soha rivojida salmoqli natijalarga erishish, keyinchalik esa bu boradagi yutuqlar asosida qo‘shni va iqtisodiy hamkor davlatlar – Tojikiston va Qirg‘izistonning ipakchilik sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashish mo‘ljallangan. Bunda bosh ofisi Toshkentda ochiladigan Yevroosiyo ipakchilikni rivojlantirish assotsiatsiyasi faoliyatida ishtirok etish muhim rol o‘ynaydi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Italiya ipak assotsiatsiyasi mazkur tashkilot tarkibiga kiradi.
Forumda O‘zbekiston bilan Yevropa mamlakatlari hamkorligini yo‘lga qo‘yish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi.
Xorijlik mehmonlar Buxorodagi qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, shahrining qadimiy obidalarini tomosha qildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.
Erkin Yodgorov, O‘zA