O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Gastroenterologiyaning dolzarb muammosi
2018-04-11 | Sog‘liqni saqlash
Andijonda “Gastroenterologiyaning dolzarb muammolari” mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
– Ayni paytda jahon miqyosida xoletsistit va gepatit xastaligining surunkali va og‘ir turlarini davolashda zamonaviy tibbiy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, amaliyotga ilg‘or tajribalarni joriy etish muhim va dolzarb masalalardan hisoblanadi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori G‘ulomjon Hojimatov. – Bugungi anjuman gastroenterologiya sohasida maxsus davolash usullarini joriy etish, yangi dori vositalarini yaratish va ularning ta’sirini o‘rganish borasidagi ishlarni takomillashtirish, shuningdek, ilg‘or ish uslubi va tajribalarni ommalashtirishga xizmat qiladi.
Anjumanda mavzu doirasida ma’ruzalar tinglandi. O‘tkazilgan mahorat darslarida ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq qilish, xastaliklarni erta aniqlash va davolash, mavjud muammolarni bartaraf etish, ayniqsa, jigar va o‘t yo‘llari, oshqozonosti bezi surunkali va o‘tkir kasalliklarini davolashda qo‘llanilayotgan yangi usullar xususida keng ma’lumot berildi.
Tadbirda Belarus davlatidan kelgan olimlar ma’ruza bilan qatnashib, mahorat darslari o‘tkazdi. Xorijlik mutaxassislar yurtimiz tibbiyotining rivoji, erishilayotgan yutuqlarga yuqori baho berdi.
– O‘zbekistonlik hamkasblar bilan hamkorlik biz uchun ham g‘oyat foydali, – deydi Belarus davlat universiteti yuqumli kasalliklar kafedrasi dotsenti Dmitriy Danilov. – Yurtingizda aholi sog‘lig‘ini saqlash borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, gastroenterologiya sohasida erishilayotgan yutuqlarni alohida ta’kidlashni istardim.
Fahriddin Ubaydullayev, O‘zA