O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Isroillik professor-o‘qituvchilar Toshkentda
2018-04-04 | Ta’lim
Isroil davlatining Xolon texnologiya instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar universitetning fizika, matematika, biologiya, kimyo fakultetlarida talabalarga ma’ruzalar o‘qiydi va hamkorlikda davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazadi.
O‘tgan yil oktabr oyida O‘zMUda o‘tkazilgan «Matematika va fizikaning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman Isroil – O‘zbekiston ta’lim tizimidagi hamkorlik uchun muhim poydevor bo‘ldi. Hamkorlik aloqalari shu yil 13-20 fevral kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti bir guruh akademik va professor-o‘qituvchilari Isroilning bir nechta oliy o‘quv yurtlariga tashrifi davomida o‘tkazgan qator ilmiy-amaliy anjumanlardan so‘ng yanada mustahkamlandi.
Delegatsiya a’zolari Xolon texnologiya institutining prezidenti Eduard Yakovning samimiy salomini yetkazib, u 50 yil oldin O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetini tugatganini doimo faxr bilan eslashini alohida ta’kidlashdi.
Fizika fakultetining katta auditoriyasida talabalar Xolon texnologiya instituti innovatsiya markazi rahbari Yakov Damatov, ilm-fan fakulteti lektori Maykl Kiper va magistratura bo‘limi boshlig‘i Boris Lembrikovning turli mavzulardagi qiziqarli ma’ruzalarini tingladi. Isroillik olimlar talabalarning savollariga atroflicha javob berishar ekan, o‘zbekistonlik yoshlarning ilm-fanga qiziqishi, bilim darajasini yuqori baholadi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida fizika fakulteti laboratoriyalari va yuqori texnologiyalar markazi isroillik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
I.Ahatova, O‘zA