O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mo‘g‘uliston delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-03-29 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Mo‘g‘uliston Do‘stlik jamiyatlari kengashi raisi, Mo‘g‘uliston Qahramoni, kosmonavt J.Gurragcha boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Qurbonov delegatsiya a’zolariga Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur qo‘mita faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. Hozirgi kunda qo‘mita «xalq diplomatiyasi» mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizning turistik salohiyati xususida ham ma’lumot berildi. O‘zbekistonda har yili bir nechta xalqaro turistik yarmarka va festivallar tashkil etiladi. Unda Mo‘g‘uliston turistik kompaniyalarining ishtiroki ikki davlat xalqlari uchun foydali bo‘lishi ta’kidlandi.
J.Gurragcha samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston bilan avvaldan do‘stona aloqalar o‘rnatilgani va an’anaviy madaniyat kunlari tashkil qilinib kelinganini esladi. Mazkur uchrashuvdan asosiy maqsad ham shu aloqalarni tiklashdir.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Mo‘g‘uliston Do‘stlik jamiyatlari kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum bir muddat uzilib qolgan O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.