O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda “Nurli kelajak Expo – 2018” ko‘rgazmasi ochildi
2018-03-14 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etgan tadbirda soha mutasaddilari, mutaxassislar, tizim uchun oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, didaktik o‘yin va o‘yinchoqlar, sport va tibbiyot anjomlari, musiqa asboblari, oshxona jihozlari, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, tadbirkorlik subyektlari ishtirok etmoqda.
“Nurli kelajak Expo – 2018” ko‘rgazmasidan ko‘zlangan asosiy maqsad maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid etishni yo‘lga qo‘yish hamda o‘yin va o‘yinchoqlar, mebel va boshqa jihozlarning sifati, shakli, dizayni, qulayligi, zamonaviyligi va xavfsizligini mukammal o‘rganishdan iboratdir. Ko‘rgazma davomida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
“O‘zekspo” markazi pavilonlarida 300 ga yaqin korxona va firma, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilgan.
Joriy yilning 1 fevralidan Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim maskanlariga tadbirkorlik subyektlari tomonidan tayyor ovqat yetkazib berish bo‘yicha tajriba shaklida tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilmoqda. Poytaxtimizning Olmazor, Sergeli, Chilonzor tumanlarida ketring usulida ovqatlantirish yo‘lga qo‘yildi. Shu tajribaga ko‘ra boshqa hududlardagi bog‘chalarda sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish tartibini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Qashqadaryo viloyatidagi “Saitov Bekzod” xususiy korxonasi Shahrisabz shahridagi qirqdan ortiq bog‘chaga sut mahsulotlari yetkazib beradi. Ularning sifati, xavfsizligini ta’minlashda, xushta’mligini saqlashda muhandis-texnolog, sanitariya-epidemiologiya sohasi vakillarining hissasi katta. Shu sababli sexlarda tayyorlangan tvorog, yogurt, kefir, pishloq, pasterizatsiyalangan sut mahsulotlarini kichkintoylar maza qilib tanovul etadi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax yong‘oqzorlari” fermer xo‘jaligining mahsulotlari g‘oyat rang-barang.
– Ilgari faqat shifoxona uchun oziq-ovqat mas’hulotlari yetishtirgan bo‘lsak, endi bolalar bog‘chalari uchun ham sarxil meva-sabzavotlar, birinchi toifali qoramol go‘shti tayyorlashni rejalashtirganmiz, – deydi xo‘jalik rahbari Temur Abduvaliyev. –Maxsus sun’iy havzada baliqchilik yo‘lga qo‘yildi. Barcha mahsulotlarning sifati doimiy nazoratda.
Maktabgacha ta’lim tizimida xalqaro aloqalar rivojlantirilib, ilg‘or tajriba o‘rganilmoqda. Bu borada Janubiy Koreya mutaxassislari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rgazmada Janubiy Koreyaning bolani intellektual rivojlantirishga oid o‘yinchoqlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Mega Education” kompaniyasi, bolalar uchun ekologik xavfsiz va qulay mebellar ishlab chiqaruvchi “Parangsae” kompaniyasi, “Dream Kindergarten” xususiy bog‘chasi faoliyati bilan tanishish mumkin.
– Bu ko‘rgazma bog‘chalar faoliyati, bolalarning sog‘lom ovqatlanishi, barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishi, dam olishi, rivojlanishi uchun zarur barcha jihatlarni o‘zida qamragani bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda, – deydi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 38-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Muxtabar Muhsinova. – Ishlab chiqaruvchilar tarbiyachi-pedagoglar, ta’lim jamoatchiligining fikri, takliflarini inobatga olayotgani sohada ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishga imkon beradi.
Ushbu ko‘rgazma maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarini ovqatlantirishni tashkil etishda shaffof, markazlashtirilgan ta’minot tizimini yaratish, yetkazib beruvchilarning sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z vaqtida va narx siyosatiga rioya etgan holda xarid qilish tizimini yo‘lga qo‘yishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Ikki kunlik tadbir doirasida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasidan bolalar uchun parhez taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazilmoqda.
Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA