O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kasb-hunar ta’limi: innovatsion rivojlanish yo‘lida
2018-02-12 | Ta’lim
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar ta’lim sohasiga innovatsion g‘oyalarni targ‘ib etmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada bir qator amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotir. O‘zbekiston ta’lim tizimi yangi taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ydi. Prezidentimiz raisligida 2017-yilning o‘zida ta’lim sohasiga bag‘ishlab 4 marta yig‘ilish o‘tkazildi. Ularda ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshirish zarurati asoslab berildi, yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu farmon mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Murodullo Xolmuhammedov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Mamlakatimizda ota-onalar va o‘quvchilarning xohish-istaklari asosida 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimi joriy etildi. Bu tashabbus keng jamoatchilik tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Navbatdagi yana bir g‘oyat muhim masala – o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, tizimga yangi innovatsion g‘oyalar joriy etish edi. Bu masala Prezidentimizning “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida o‘z yechimini topmoqda. To‘g‘ri, mazkur tizimda yutuqlarimiz bor, shu bilan birga, kamchiliklar ham ko‘zga tashlanib qolgan edi. Bular nimalarda namoyon bo‘ladi?
Ayrim kollejlar aholi yashash joylaridan uzoqda bo‘lib, bu ko‘p hollarda o‘quvchilarning mashg‘ulotlarga qatnashmasligiga sabab bo‘layotgandi. Kasb-hunar kollejlari moddiy-texnik bazasi talab darajasida emas, darslik va o‘quv qo‘llanmalari ham yetishmasdi. Kasb-hunar kollejlarida kadrlar tayyorlash tizimi muammolari hududlardagi iqtisodiy tarmoqlarning real ehtiyojidan ortda qolayotganida ko‘zga tashlandi.
Ma’lumki, shu paytga qadar kasb-hunar kollejlarida barcha kasblar 3 yil mobaynida o‘qitib kelingan.
Endilikda kollejlar vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga biriktirilishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekistondagi kasb-hunar kollejlarining kelajakdagi qiyofasi haqida gapirishdan avval bir paytlar iqtisodiyoti u qadar rivojlanmagan mamlakatdan qisqa vaqt ichida yuqori texnologiyalar mamlakatiga aylangan, ushbu sohada "katta sakrash"ni amalga oshirgan Janubiy Koreya, Finlyandiya va Singapur davlatlari ta’lim siyosatini esga olish o‘rinli. Bu mamlakatlar bunday yutuqqa o‘z ta’lim tizimiga to‘g‘ri o‘zgartishlar kiritgani, tizimda to‘g‘ri siyosat olib borgani uchun erisha oldi. O‘qituvchilikka iste’dodli kadrlarni jalb qilish maqsadida ularning maoshi va obro‘sini keskin oshirgan edi.
Ta’lim borasida eng ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, amaliyotda qo‘llashni rejalashtirgan O‘zbekiston ham mana shunday tezkor rivojlanish yo‘lini tanlamoqda.
Har bir tayyorlov yo‘nalishi bo‘yicha rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqiladi, milliy kvalifikatsion ramkalar belgilanadi va kasbga oid standartlar joriy etiladi. Professional standart ma’nosi shuki, deylik, bitta ish o‘rni ishchidan qanday malaka va ko‘nikma talab qiladi, ushbu holat o‘rganilib, shu asosda modulli o‘quv rejalari paydo bo‘ladi. Ta’lim jarayoni esa doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Bundan maqsad – kasb-hunar ta’limi tizimini iqtisodiyot rivojlanishining muhim komponentiga aylantirish. Ya’ni yuqori malakali ishchi, kasb egalari, iqtisodiyotning o‘rta bo‘g‘ini mutaxassislari tayyorlanadi.
Ayni paytda kollejlar faqat 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilgan bo‘lsa, endilikda bunday standartlardan voz kechilmoqda. Misol uchun. Fuqaro o‘z kasbini o‘zgartirishni niyat qildi. Deylik, u o‘zi yashaydigan hududda yangi qurilgan to‘qimachilik fabrikasiga ishga kirish uchun kasb-hunar o‘rganmoqchi. Biroq, bunday niyatda bo‘lganlarga keskin "yo‘q" javobi berilgan. Sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmagani sababli boshqa kasbni egallamoqchi bo‘lgan fuqarolar ham xuddi shunday muammoga duch kelgan.
Endilikda esa kollejlarda nafaqat maktab bitiruvchilari, bunga qadar ham o‘rta maxsus ma’lumot olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, ishsiz qolish xavfi ostida qolgan ixtiyoriy yoshdagi fuqarolar ham tahsil olishlari mumkin bo‘ladi.
Hozirgacha kollejlar faqat kunduzgi ta’lim shakliga ega edi. Kelgusida kollejlarda kunduzgidan tashqari sirtqi, masofaviy va uyg‘unlashtirilgan ta’lim yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, o‘qish muddati 3 yil va majburiy bo‘lgan bo‘lsa, endi kasblarning murakkabligidan kelib chiqib, 6 oydan 2 yilgacha muddatda ixtiyoriy etib belgilandi. Ya’ni ehtiyoj bo‘ldimi, kelib o‘qish imkoniyati yaratildi.
Yuqori texnologik tayyorgarlik talab qiladigan 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan kasbiy ta’lim dasturlari buyurtmachi ish beruvchi korxonalar, idora va tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. Buyurtmachisi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarining shaxsiy jamg‘armalari hisobidan to‘lovni amalga oshirishi mumkin. 1,5 – 2 yillik mutaxassislikni egallash bo‘yicha o‘rta maxsus o‘rta bo‘g‘in ta’lim dasturlari oliy ta’limga muqobillik asosida bir qismi grant, bir qismi kontrakt hisobidan amalga oshiriladi.
?Iqtisodiy jihatdan barqaror vazirlik, idora va korporatsiyalar, yirik ish beruvchilar o‘z aksiyadorlari, ichki imkoniyatlari doirasida o‘quvchilar uchun qo‘shimcha stipendiya va shu kabi qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirishi mumkin.
Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan farmonida kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar kasb-hunar (ko‘p tarmoqli) kollejlarida, ularning idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, bepul asosda o‘qitilishi belgilangan. Kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilarni, ularning egallagan kasbi bo‘yicha, hududlarda kamida uch yil ishlab berish uchun ishga yuborish tartibi o‘rnatiladi.
Muxtasar aytganda, kasb-hunar ta’limi tizimidagi bu o‘zgarishlar mamlakatimiz iqtisodiyotini, barcha sohalarni rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.