O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida
2018-02-07 | Siyosat
Bugun 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi samarali tashrif ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli o‘zbek-turk hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ushbu tarixiy tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur kelishuvlarni hayotga to‘liq va muddatida tatbiq etish, muhim loyihalarni jadallashtirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida muntazam ravishda muloqotlar olib borilishi va uchrashuvlar o‘tkazilishi yuzasidan kelishib olindi.
Shu o‘rinda Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekistonda Turkiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilinganini yuqori baholab, davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti mazkur qaror oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini alohida qayd etdi. Bunday qarorning qabul qilinishi savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi va eng asosiysi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, turk fuqarolarining O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun keng yo‘l ochib berishi ta’kidlandi.
Suhbat davomida xalqaro va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha xalqaro konferensiyaga Turkiya Respublikasining delegatsiyasini taklif etdi.
O‘z navbatida, Rejep Tayyip Erdog‘an ushbu tashabbusni yuksak baholab, uni amalga oshirishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi hamda mazkur tadbirda Turkiyadan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirdi.
Muloqot so‘ngida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari hamda an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga taklif etdi.