O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi oshmoqda

2015-04-25 | Jamiyat

Poytaxtimizda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga bag'ishlangan an'anaviy konferensiyasi bo'lib o'tdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, jamoat va davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot hamda ta'lim muassasalari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar vakillari, mazkur institut ta'sischilari kengashi a'zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori G'.Abdukarimov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti ta'sischilar kengashi raisi A.Abduvohidov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov va boshqalar o'tgan davrda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish va uning institutlarini mustahkamlash uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlarni takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilganini ta'kidladi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi bu jarayonda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qildi.

Masalan, Konsepsiyaga muvofiq 2014-yilda O'zbekiston Respublikasining «Ijtimoiy sheriklik to'g'risida»gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan, tarmoqlarga oid va hududiy dasturlarni, me'yoriy-huquqiy hujjatlar va fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligining shakl va mexanizmlari belgilangan, mazkur jarayonda tomonlarning asosiy huquq hamda majburiyatlari mustahkamlangan.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi «O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko'maklashish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» 2013-yil 12-dekabrdagi qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi qarorining qabul qilinishi o'tgan yili muhim voqea bo'ldi. Bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida 2014-yil davomida adliya organlari tomonidan ro'yxatga olingan NNTlar soni ko'paydi va bugungi kunda ular 8,1 mingdan oshdi. Ularning aksariyati «Sog'lom bola yili» Davlat dasturini hayotga tatbiq etishda ishtirok etdi.

– O'zbekiston parlamenti tomonidan qabul qilingan Konsepsiya mamlakatda fuqarolik jamiyatini jadal rivojlantirish imkonini bermoqda, – dedi YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Derd Sabo. – Prezident Islom Karimov o'z ma'ruzalarida nodavlat notijorat tashkilotlarining samarali faoliyat yuritishi uchun yanada qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni muhim davlat dasturlarini amalga oshirishga faol jalb etish zarurligi xususida ko'p ta'kidlashi e'tiborga loyiqdir.

Konferensiyada aholining fuqarolik ongi va siyosiy-huquqiy madaniyat darajasini oshirish, fuqarolarda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilishni, ularning o'z konstitutsiyaviy huquqlarini anglash, Vatan taqdiri, mamlakatimiz va dunyoda ro'y berayotgan voqealarga daxldorlik tuyg'usini shakllantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijalariga e'tibor qaratildi.

Huquqiy targ'ibot, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasini yuksaltirish borasidagi ishlar davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biridir. Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha Idoralararo kengash davlat organlari va jamoat birlashmalarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.

Konferensiyada ommaviy axborot vositalari mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonida ularning roliga oid masalalar muhokama qilindi. O'tgan yilning may oyida kuchga kirgan O'zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida»gi qonuni so'z va axborot erkinligini ta'minlashga yo'naltirilgan muhim hujjatlardan biri bo'ldi. Ushbu qonunchilik hujjati fuqarolar va ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati organlari to'g'risidagi axborotdan keng va erkin foydalanish, ular faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, shuningdek, davlat va jamiyat o'rtasidagi ochiq hamda amaliy muloqotda ommaviy axboroot vositalarining rolini kuchaytirishga xizmat qilayotir.

– O'zbekistonda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida»gi qonun qabul qilindi va «O'zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to'g'risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, – dedi «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat tashkilotining (Sloveniya) O'zbekistondagi mintaqaviy direktori Myusha Sever. – Ushbu hujjatlar xorijiy ekspertlarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Kuchli qonunchilik bazasi fuqarolik jamiyati institutlariga turli masalalarni hal etishda davlat organlari bilan yaqin hamkorlik qilish imkonini bermoqda.

Konferensiya ishtirokchilariga ommaviy axborot vositalari faoliyati har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani va rag'batlantirilayotgani samarasida ularning soni va sifati oshib borayotgani haqida so'zlab berildi. 2015-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, O'zbekiston matbuot va axborot agentligida 1,4 mingga yaqin ommaviy axborot vositalari, jumladan, 970 dan ziyod bosma va 100 elektron nashr ro'yxatdan o'tgan. 1991-yilgi ko'rsatkich bilan taqqoslaganda, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan OAV soni 3,5-marta marta oshgan. 53,4 foiz bosma ommaviy axborot vositalarining muassislari nodavlat tashkilotlardir.

Telekanallar tarmog'i izchil kengayib borayotir. So'nggi yillarda «Mahalla», «Dunyo buylab», «Madaniyat va ma'rifat», «Oilaviy», «Diyor», «Kinoteatr», «Bolajon», «Uzreport TV» kabi yangi telekanallar ochildi. O'tgan yili yangi «Mening yurtim» – «MY5» telekanali test rejimida efirga uzatila boshlandi. Mazkur telekanallar faoliyati yoshlarni bunyodkorlik, yaratuvchilik ruhida tarbiyalash, ularda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishga qaratilgan. 29 foiz tele va radiokanallarga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari muassislik qilmoqda, 67 foizining muassisi esa nodavlat tashkilotlaridir.

Ommaviy axborot vositalari sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan internet resurslari ham sezilarli o'sib bormoqda. So'nggi besh yilda ularning soni 2 barobardan ko'proq ortdi. Xususan, shu yilning 1-yanvar holatiga ko'ra, internet ommaviy axborot vositalari 304 tani tashkil etdi. Shundan 95 foizdan ortig'i nodavlat ommaviy axborot vositalaridir.

Konferensiya ishtirokchilari hududiy ommaviy axborot vositalarining joylarda aholini bezovta qilayotgan dolzarb masalalarni aniqlash va yoritish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi roli sezilarli oshganini ta'kidladi. Ularning faoliyatini o'rganish natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, 2014-yilda OAVda mahalliy davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarni hal qilish borasidagi faoliyati xolisona tanqid qilingan axborot-tahlil materiallari ko'paygani kuzatildi.

Konferensiya ishtirokchilari fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarini rivojlantirishda demokratik jarayonlarni kuchaytirish masalasini ham muhokama qildi. Shu yilning 1-yanvar holatiga ko'ra, mamlakatimizda 9787 fuqarolar yig'ini faoliyat yuritayotgani qayd etildi. O'tgan yili fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish faoliyatini tartibga soladigan qonunchilikka yangi qoidalar kiritildi.

Qonunchilik bazasining mustahkamlangani fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining jamoatchilik nazoratini o'rnatish bo'yicha vakolatlaridan foydalanish amaliyotini yanada kengaytirdi. Jumladan, 2014-yilning har choragida tuman va shahar ijro hokimiyati organlari rahbarlarining fuqarolar yig'inlari faoliyati masalalariga doir hisobotlari tinglandi. Bu ijro hokimiyati organlari va fuqarolar yig'inlari o'rtasidagi ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, fuqarolarning davlat hokimiyati organlari faoliyati xususida xabardorligini oshirish, shuningdek, mahalliy darajadagi vazifalarni o'z vaqtida bajarishga xizmat qiladigan muhim omildir.

Konferensiya qatnashchilari O'zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va liberallashtirish, so'z va axborot erkinligini ta'minlash, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida yuksak samaralarga erishganini alohida ta'kidladi.

Tadbirda konferensiya dasturidan o'rin olgan masalalar bo'yicha ochiq va amaliy fikr almashildi. Konferensiya yakunida mamlakatni modernizatsiya qilish va demokratik yangilashda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada kuchaytirish bo'yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Поделиться