Namangan viloyat hokimligi tomonidan shahar va tuman davlat xizmatlari markazlariga 12 “Damas” avtomobili topshirildi
Shu munosabat bilan Namangandagi “Uch favvora” xiyobonida o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Namangan viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
2003-yildan buyon tadbirkorlik subyektlarini “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish shahar, tuman hokimliklari huzuridagi maxsus inspeksiyalar tomonidan amalga oshirib kelingan bo‘lsa, 2016-yildan e’tiboran mazkur inspeksiyalar tizimida tadbirkorlik subyektlariga “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari ish boshladi. O‘tgan yili ushbu markazlarning hokimliklar tuzilmasidan Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi vertikal boshqaruvni shakllantirish va davlat xizmatlarini samarali tashkil etish imkonini berdi. Natijada Yagona markazlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi.
2017-yilning 1-aprelidan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilgani mamlakatimizning bu boradagi reyting ko‘rsatkichi yuksalishiga xizmat qildi.
Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va agentlikning viloyatlardagi shahar va tuman markazlari tashkil etildi. Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish, aholiga tez, qulay va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish hamda idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish mazkur tuzilmalarning asosiy vazifasi etib belgilandi.
– Bu Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ulug‘vor g‘oyani ruyobga chiqarishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori X.To‘raxo‘jayev. – Masalan, Namanganda eng olis qishloqdan viloyat markaziga kelish uchun 100 kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tish kerak. Shuncha yo‘ldan kelgan fuqaroning ishi bir kunda bitsa – yaxshi, aks holda, uning qancha vaqti, mablag‘i behuda sarf bo‘ladi. Agentlik va uning markazlarini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad davlat xizmati idoralarini xalqqa yaqinlashtirishdir. Mana, kecha biz viloyatning eng olis qishloqlaridan biri – Nanayda bo‘ldik va ro‘yxatga olish bo‘yicha to‘planib qolgan o‘nlab muammolar joyida hal etildi. Davlat xizmatlari markazi kadastr deysizmi, notarius va yoki boshqa davlat xizmati idoralarimi, barchasini eng olis qishloqlargacha yetkazib boradi. Hatto abituriyentlardan hujjat qabul qilish ham mobil xizmatlar ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.
Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA