O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq qayerda bo‘lsa, adliya idorasi shu yerda bo‘ladi

2018-01-30 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisida sohada bundan buyon zamon talablari asosida faoliyat yuritishga e’tibor qaratildi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda adliya vaziri Ruslanbek Davletov xalq qayerda bo‘lsa, adliya idorasi shu yerda bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda adliya organlari va muassasalarining barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlari qatnashdi.

Adliyani aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq muloqot yuritadigan, xalqning dardu tashvishlarini o‘ylab, huquqlarini himoya qiluvchi hamda aholi va tadbirkorlarga samarali huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi davlat organiga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yuridik xizmat, qonun hujjatlarini yetkazish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi tubdan isloh qilindi. Davlat va jamiyat hayotining muhim masalalarini tartibga solishga qaratilgan 155 qonun hujjati, jumladan, 32 qonun loyihasi ishlab chiqildi. Huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalar soni ham ikki baravar oshgan.

Adliya tizimining aholi bilan muloqoti tubdan o‘zgardi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi bilan yaqindan muloqot qilishning yangi, zamonaviy va ta’sirchan shakllari amaliyotga joriy etildi. Telegram tarmog‘idagi “Huquqiy axborot” kanali a’zolari soni 50 mingdan oshdi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Bekobod shahrida to‘y marosimlarini tartibga solish bo‘yicha “Bekobod namunasi” yaratildi. Shuningdek, notariat tizimidagi sansolarlikka chek qo‘yish maqsadida notariuslarning mahallalarda fuqarolarni qabul qilishi va notarial harakatlarni o‘sha joyning o‘zida bajarish tizimi yo‘lga qo‘yilib, 5 mingdan ortiq notarial harakat amalga oshirildi.

Hay’at majlisida mavjud xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi. Aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil qilishda ayrim muammolar, jiddiy kamchiliklar ko‘zga tashlanayotganligi qayd etildi.

Davlat notarial idoralari va FHDYO organlari xodimlari tomonidan fuqarolar bilan ishlashda hanuzgacha qo‘pol muomalada bo‘lish, ularni sarson qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha pul mablag‘lari undirilishi murosa qilib bo‘lmaydigan holatlardir. Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun 229 nafar notariat va 73 nafar FHDYO xodimlariga nisbatan keskin choralar ko‘rilgan. 50 dan ortiq xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Majlisda notariat aholidan eng ko‘p e’tiroz tushayotgan soha ekani ta’kidlandi. Notarial idoralarda o‘tkazilayotgan reydlarda notariuslarning ishga surunkali ravishda kech kelishi ma’lum bo‘lmoqda. Bu fuqarolarning uzoq kutib qolishi, ishi vaqtida bitmasligiga va tabiiyki, noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ayrim adliya organlarida notarius axborot tizimlari talab darajasida yuritilmagan. Taqiq olib tashlangan holatlar tizimga vaqtida kiritilmagan. Bu fuqarolarning mulkini erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiladi.

Mamlakatimizda bugungi kunda 704 notarius faoliyat yuritmoqda. Ularning hammasi ham o‘z ishini o‘z vaqtida vijdonan ado etyaptimi? Tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, ularning ayrimlari o‘zlari uchun qoidalar yaratib, ixtisoslashib olgan. Biri faqat meros, yana biri faqat garov bilan bog‘liq harakatlarni rasmiylashtirgan. Ko‘pchiligi ipoteka kreditiga oid shartnomani tasdiqlashni asossiz ravishda rad etmoqda. Ammo bunga ularning mutlaqo haqqi yo‘q. Notarius davlat notarial idorasiga kelgan fuqaroga bir xil yondashuv asosida bir xil xizmat ko‘rsatishi kerak.

Majlisda fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda qo‘yilayotgan talablarni bajarmaydigan, ya’ni halol ishlamaydigan xodimlarga majburiylik prinsipi qo‘llanilishi aytildi.

Sudlar tomonidan bekor qilingan notarial harakatlar og‘riqli muammo ekaniga e’tibor qaratildi. Bu borada adliya boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan hisobotda 17 notarial harakat bekor qilingani qayd etilgan. Lekin Oliy suddan so‘rab olingan ma’lumotda bu ko‘rsatkich 131 ekani ayon bo‘lgan.

Fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarning o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan muntazam ravishda “sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda vazirlik xodimi notarius, FHDYO idorasi yoki davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga mijoz sifatida boradi. Ulardan biror xizmat ko‘rsatishni so‘raydi. Bundan bexabar xodim esa...

“Sirli mijoz” Yangiyo‘l tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga yangi korxona tashkil etish istagida borgan. Mas’ul xodim esa mijozga 400 ming so‘m olib kelsangiz, ishingiz bitadi, deb aytgan va uning qo‘liga tashrif qog‘ozini tutqazgan.

Urganch tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markaziga xorijiy korxona ochish istagida borgan “sirli mijoz” qo‘liga o‘z kuchini yo‘qotgan hukumat qarori tutqazilgan.

Ana shunday xufiyona o‘rganish natijasida qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan 17 xodim ishdan bo‘shatilgan.

Majlisda bunday holatlarga aslo toqat qilib bo‘lmasligi, ularga barham berish borasida barcha choralar ko‘rilishi qayd etildi.

FHDYO organlari tomonidan olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berildi. Bu borada 232 organ aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Lekin ular oldiga qo‘yilayotgan eng dolzarb vazifalarga sovuqqonlik bilan qarayotir. Shu bilan birga, FHDYO organlarining joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari bilan hamkorlikdagi ishlari, jumladan, erta nikoh va oilaviy ajrimlarning oldini olish borasidagi faoliyati natija bermayotir.

Hozir 58 million dalolatnoma yozuvi mavjud bo‘lib, ularning elektron arxivi yaratilmoqda. Bu fuqarolarga yaratilayotan katta qulaylik bo‘lib, zarur hujjatni tez va oson topish imkoniyatini yaratadi.

Jamiyat taraqqiyotiga, fuqarolar munfaatlariga putur yetkazuvchi korrupsiyadek illatdan qutilish uchun adliya tizimida yangicha yondashuv asosidagi amaliyot joriy etiladi. Vazirlik tomonidan “xavfli guruh” deb nomlangan ochiq baza shakllantirilishi, unga xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan, ustidan aholi shikoyat yo‘llayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchrayotgan, fuqarolarning murojaatlariga befarq qarayotgan xodimlar kiritiladi. Bu baza, ta’bir joiz bo‘lsa, katta chuqurlik. Undan chiqishni eplay olmaganlar adliya xodimi bo‘lmaydi. Bundan buyon sohada xalqqa fidoyilik bilan halol xizmat qiladiganlargina faoliyatini davom ettiradi.

Adliyaning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lgan huquqiy targ‘ibotda hamon samarasiz usullardan foydalanilayotgani tanqid qilindi. Bu borada yolg‘on hisobot va qog‘ozbozliklarga chek qo‘yish vaqti kelgani alohida ta’kidlandi.

Yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarni bartaraf etish, ijro intizomini mustahkamlash, faoliyatni tizimli ravishda rejalashtirishni amalga oshirish, nazorat va monitoring tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish, muammolarni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash, “fuqarolar adliya idoralari faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak” degan tamoyilga og‘ishmay amal qilish yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA

Поделиться