O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ijodiy mahorat maktabi
2017-11-27 | Madaniyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida "PROlogue" – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III festivali boshlandi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, "O‘zbekkino" Milliy agentligi, Yosh kinoijodkorlar kengashi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur festivalning ochilishiga san’atshunoslar, rejissyorlar, kino sohasi faollari, kino san’ati muxlislari taklif etildi.
"O‘zbekkino" Milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar mamlakatimizda milliy kinematografiyani ravnaq toptirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar zamirida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni sog‘lom va mustaqil tafakkur sohibi etib kamolga yetkazishdek maqsadlar mujassam ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kinoijodkorlar zimmasidagi yuksak badiiy-g‘oyaviy saviyali filmlar yaratish mas’uliyati xususida fikr bildirgan edi. Bu esa yosh rejissyorlarning mahoratini oshirish, ular bilan yetuk kinoustalarning muttasil ish olib borishi, yoshlar ijodini keng va atroflicha tahlil etib, o‘rganib, to‘g‘ri yo‘naltirish bilan bevosita bog‘liq mas’uliyatli jarayon.
"PROlogue" yosh kinoijodkorlar festivali kinematografiya sohasiga kirib kelayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda, ularning ijodi bilan xalqimizni yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyiha uchun taqdim etilgan qisqa metrajli kartinalar "Eng yaxshi qisqa metrajli film uchun bosh sovrin", "Eng yaxshi ssenariy", "Eng yaxshi rejissyorlik ishi", "Eng yaxshi operatorlik ishi", "Eng yaxshi aktyor", "Eng yaxshi aktrisa" kabi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanadi.
– Ushbu festival biz uchun g‘oyat foydali bo‘lishiga shubham yo‘q, – deydi yosh kinoijodkor Sanjar Sultonov. – Mashhur rejissyorlar, kinoijodkorlar bilan bevosita ijodiy muloqotda bo‘lish, ularning ilk filmlarimiz xususidagi fikrlarini bilish faoliyatimizni zamon talabiga mos tarzda yo‘lga qo‘yishda ulkan ahamiyatga ega.
Festival doirasida "Yoshlar va kinematografiya" mavzuida ilmiy-amaliy anjuman, "Xalqaro kinofestival ostonasida" mavzuidagi davra suhbati, yoshlar uchun mahorat saboqlari, ijodiy uchrashuvlar, yosh kinochilar ijodiy loyihalari taqdimotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir mashhur kinoijodkorlar faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma hamda yosh rejissyorlar filmlari namoyishi bilan boshlandi.
Festivalning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev so‘zga chiqdi.