O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroning turizm logotipi tasdiqlandi
2017-11-26 | Turizm
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan izchil islohatlar O‘zbekiston diyorining jahon miqyosidagi nufuzini yanada yuksalishiga, barcha yo‘nalishlar qatorida turizm sohasidagi do‘stona va hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarilishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Ayni paytda, jonajon Vatanimizning barcha hududlari singari Buxoroning ham boy tarixi, madaniy meros obidalari, muqaddas qadamjolari, ziyoratgohlari, tabiati, xalq hunarmandchiligi va amaliy san’ati kabi bitmas-tuganmas turizm salohiyatini mamlakat bo‘ylab hamda jahon ichra yanada yaxshiroq tanitishga doir tadbirlarni amalga oshirilishida Prezidentimizning 2017 yil 19 mayda qabul qilingan “2017-2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahri turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi PQ-2980-sonli qarorlari mukammal dasturi amal sifatida xizmat qilmoqda.
Xususan, ushbu muhim hujjatda belgilangan keng ko‘lamli tadbirlar negizida Buxoro vohasining boy turistik salohiyatini keng miqyosda tashviqot qilish, hududda yagona turistik logotipni shakllantirish asosida uni respublikamizda va xorijiy mamlakatlarda yanada kengroq tanitish, hududning qadimiy tarixi, madaniyati, tabiati, madaniy meroslari, xalqning urf-odatlari va mehmondo‘stligini o‘zida aks ettirgan brendni tasdiqlash maqsadida keyingi bir necha oy mobaynida Buxoro viloyatining turizm brendi – logotipi va shiorini ishlab chiqish bo‘yicha viloyat ijodiy guruhi chuqur izlanishlar olib bordi.
Ishlanishlar natijalari asosida taniqli tarixchi olimlar, ziyoliylar, xalq vakillari va el-yurt hurmatiga sazovor faollar fikrlarini o‘rgangan holda hamda Buxoro viloyatining turizm brendini ishlab chiqish bo‘yicha viloyat ijodiy guruhi tavsiyalarini e’tiborga olib, viloyat hokimi O‘.Barnoyevning 2017 yil 18 noyabrdagi 669-sonli qaroriga muvofiq Buxoro viloyatining turistik logotipi va uning tavsifi tasdiqlandi.
Buxoroning tasdiqlangan turizm logotipi quyidagicha tavsiflanadi:
-ikki o‘rkachli va qanotli tuya timsoli – chidamlilik, kuchlilik, g‘alaba va faravonlikni aks ettiruvchi belgi hamda tarixda Buxorxudotlarning ramzlaridan biri, umrboqiylik, kuch-quvvat va donolikni tasvirlaydi;
-shu kabi, ikki o‘rkachli va qo‘sh qanotli tuya ko‘rinishi – ilk o‘rta asrlarda Buxoro hukumdorlarining taxti ham shu shaklda ishlanganligiga qiyoslanadi;
-ramzning bodom shakli – qadimiy Buxoro davlatchiligida davlat muhrlari ham shu shaklda bo‘lganligini anglatadi;
-ramz o‘rtasida Buxoroning panoramasi, xususan Poyi Kalon ansambli keltirilganligi – Buxoroda qadimdan buyuk bunyodkorlik va noyob arxitektura namunalari mavjudligidan dalolat beradi;
-belgining ort qismi fondagi quyosh – vohada oftobli kunlarning ko‘pligi va unumdorlikka ishora;
-sakkiz burchakli yulduz shakli – Buxoroning sharif va muqaddas shahar sifatida tanilganligi va mukammalligi timsoli;
-yulduz ichidagi besh burchakli yulduz va yarim oy – Islom dunyosidagi besh farzni, poklikni va ayni paytda Vatanimiz mustaqilligi ma’nosini bildiradi;
-yulduz ichida berilgan moviy rang – yurtimizning musaffo osmoni va zaminimizda hukum surayotgan tinchlik ramzini belgilaydi;
-bodom shaklidagi ikki chiziqli qobug‘ ichida o‘zbek va ingliz tillarida bitilgan (Holy Bukhara va Buxoroi sharif) yozuvlari Buxoroning Islom dunyosida tanilgan aziz nomini takrorlaydi;
-logotipni ikki chiziqli aylana ichiga olinganligi – Buxoroning ilm-fan, ta’lim va madaniyat o‘chog‘i hamda Buyuk Ipak Yo‘lidagi yirik savdo markazi sifatida qadimdan jahonda tanilgan maskanligini aks ettiradi;
-yozuvlar o‘rtasida yetti guldan iborat naqsh – hududda hunarmandchilikning taraqqiy etganligi hamda muqaddas Islom dini taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan avliyolar yurti va “Yetti pir” ziyoratgohlarining aynan Buxoroda joylashganligidan dalolat beradi;
-logotip qobug‘i va aylana ichidagi yashil ranglar – hamisha yoshlik, barhayotlik va boqiylik ma’nolarida keladi;
-aylana va bodom belgisi o‘rtasidagi sarg‘ish rang – Buxoroning issiq tabiiy iqlimi hamda tuprog‘i oltinga teng cho‘l o‘rtasidagi boqiy va hamisha navqiron yashil voha ekanligini bildiradi.
O‘z o‘rnida qayd etish joizki, Buxoroning turizm logotipi (brendi) kundan-kunga taraqqiy etib borayotgan mustaqil O‘zbekiston zaminida muqaddas Buxoro va uning bebaho va yuksak turistik salohiyatini butun jahon bo‘ylab yanada yaqindan tanilishiga hamda barcha yo‘nalishlarda xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, firma va kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlanib, izchil rivojlanishiga munosib xizmat qilishi muqarrar.