O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elni siylaganni el siylaydi
2017-11-07 | Siyosat
Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda
Ildizlari mustahkam daraxt ko‘kka bo‘y cho‘zadi. Tarixini bilgan, qadrlagan xalqning martabasi baland, kelajagi buyuk bo‘ladi.
Mamlakatimiz butun dunyoda ana shunday hurmat-e’tibor qozongan. O‘tganlar ruhini shod etish, xayrli ishlarini eslash va ulug‘lash milliy qadriyatimizga aylangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarning, milliy g‘urur-iftixorning yuksak namunasi bo‘ldi.
6-noyabr – Sharof Rashidov tug‘ilgan kuni Jizzaxda ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Dastlab ehson dasturxoni yozilib, Qur’on tilovat qilindi.
Jizzax shahri markazida o‘rnatilgan Sharof Rashidov haykalining ochilish marosimi bo‘ldi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, adabiyot va san’at namoyandalari, viloyat ahli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar, yoshlar ishtirok etdi. Sharof Rashidovning farzandlari, do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari va boshqa yaqinlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati, yuksak insoniy fazilatlari, xalqimiz manfaatlari yo‘lidagi buyuk xizmatlari haqida so‘z yuritdi.
Sharof Rashidov 1917-yil 6-noyabrda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Jizzax pedagogika texnikumi, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qigan. Faoliyatini Samarqand viloyati gazetasida boshlab, bilim va qobiliyati yuksakligi bois universitetning oxirgi kursida o‘qib yurgan davridayoq ushbu gazetaga muharrir bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushidan 1942-yil yarador bo‘lib qaytgan. O‘ttiz yoshida respublikaning o‘sha paytdagi eng nufuzli nashri – «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga muharrir etib tayinlangan.
Sharof Rashidov shoir, yozuvchi va publitsist sifatida tanilgan. Uning “Chegarachi” dostoni, “Qahrim” she’rlar to‘plami, “Ikki dil dostoni” asari, “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin”, “G‘oliblar” kabi romanlari shuhrat qozongan. Atoqli adib 1949-yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi etib saylangan.
U 1959-yil O‘zbekiston rahbari etib saylanganida endigina qirq yoshdan oshgan edi. Sharof Rashidov bu yuksak vazifada qariyb chorak asr fidoyilik bilan ishladi.
Bu juda murakkab, ziddiyatli davr edi. Sharof Rashidov shunday sharoitda ham xalqiga farzandlik burchini ado etdi.
Mirzacho‘l, Qarshi, Yozyovon, Surxon-Sherobod cho‘llarining o‘zlashtirilishi, millionlab gektar qo‘riq yerlarda bog‘-rog‘lar va oziq-ovqat ekinlarining joy olishi uzoqni o‘ylab amalga oshirilgan edi. Bu maydonlar bugun ham xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.
Sharof Rashidov rahbarligi davrida O‘zbekiston xaritasida Navoiy, Zarafshon, Yangiyer, Guliston va boshqa o‘nlab shaharlar paydo bo‘ldi. Respublikaning barcha hududida qurilish va obodonchilik ishlari avj oldi. Juda ko‘p inshootlar – zavodlar, fabrikalar, shifoxonalar, oliy o‘quv yurtlari, yo‘llar, maktablar qurilishi, konlarning ochilishi u kishining nomi bilan bog‘liq.
Bu davrda poytaxtimiz Sharqning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylandi. Bu, ayniqsa, Toshkent zilzilasidan keyin yanada chiroy ochdi. Toshkent metropoliteni, “Istiqlol” san’at saroyi, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, Toshkent teleminorasi poytaxtimizning ko‘rki hisoblanadi.
Sharof Rashidov nihoyatda kamtar, ochiqko‘ngil odam bo‘lgan. Cho‘pon bilan cho‘pondek, dehqon bilan dehqon tilida gaplashgan. Har qanday sharoitda odamlarning qalbiga yo‘l topa bilgan.
Atoqli davlat arbobi rahbarlik borasida ham ulkan maktab yaratgan. U kishining donoligi, diplomatligi, odilligi va ayni paytda oddiyligi barcha rahbarlarga namuna bo‘lgan.
Sharof Rashidov o‘ta ziyoli kishi bo‘lgan. Farzandlariga ham puxta saboq bergan. U kishining farzandlari, nevara-chevaralari turli sohalarda samarali mehnat qilmoqda.
Sharof Rashidov vafotidan keyin respublikaning iqtisodiy taraqqiyoti sustlashdi. Bu avvalo o‘sha paytdagi noto‘g‘ri siyosat, qolaversa, xalq obro‘li, tajribali yo‘lboshchini yo‘qotganining oqibati bo‘ldi. Kuchli rahbarsiz, himoyachisiz qolgan yurtimiz yovuz tajriba maydoniga aylantirildi.
Albatta, u o‘z davrining farzandi edi, o‘sha paytdagi tuzumga xizmat qildi. Ammo dunyodan o‘tganida bu tuzum unga xiyonat qildi. Xotirasini tahqirladi, yaqinlarini ta’qib etdi.
Respublika rahbarligiga Islom Karimov kelgach, barcha tuhmat va ta’qiblarni to‘xtatdi. Tarixiy adolat tiklandi. Uning pok nomi oqlandi. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 1992-yil Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligi keng nishonlandi.
Shavkat Mirziyoyev marosimdagi so‘zida yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining e’tibori bilan elu yurtimizga mehnati singgan insonlarning hurmati joyiga qo‘yilmoqda, o‘tganlar xotirasi ulug‘lanmoqda. Keyingi bir yilda bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi. Toshkent va Samarqandda Islom Karimov, Namangan viloyatida Ishoqxon Ibrat, Xorazm viloyatida Komiljon Otaniyozov, Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov, Farg‘onada Erkin Vohidov, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Andijonda Muhammad Yusuf xotiralari abadiylashtirildi. Ularning nomi bilan ataladigan markazlar, ijodiy maktablar tashkil etildi. Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorlik majmuasi ochildi.
Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanishi xalqimizni behad quvontirdi.
Jizzaxda bu voqeaga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Viloyat markazida Sharof Rashidov xiyoboni yangidan barpo etildi. 3 gektardan ziyod maydon ko‘kalamzorlashtirildi. Hududga Belgiyadan keltirilgan tog‘ qarag‘ayi, qoraqayin, lola daraxti kabi 20 dan ortiq daraxt turlari ekildi. Diametri 24 metr bo‘lgan rangli favvora qurildi.
Xiyobon to‘rida qo‘r to‘kib turgan “O‘zbekiston” mehmonxonasi ham rekonstruksiya qilindi. Uning ikki tomonida joylashgan “Bo‘ston” va “Navro‘z” majmualari to‘la ta’mirlanib, yirik anjumanlar o‘tkazish uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi O.Salimov, mehnat faxriysi I.Jo‘rabekov, uchuvchi-kosmonavt V.Jonibekov, mehnat faxriysi Q.Kamalov, akademik S.Rashidova Sharof Rashidov bilan bog‘liq xotiralari, u kishining hayoti va faoliyati haqida so‘zladi.
Sharof Rashidov haykalini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Shavkat Mirziyoyev yubiley arafasida qurib bitkazilgan Sharof Rashidov memorial muzeyida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar va eksponatlar bilan tanishdi.
Muzeyga kiraverishda Prezidentimizning «Hech shubha yo‘qki, Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sharof Rashidov o‘z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi», degan so‘zlari bitilgan. Binoning ichki va tashqi qismi milliy me’morchiligimiz an’analari asosida bezatilib, anjumanlar zalida Sharof Rashidov faoliyatiga doir filmlarni namoyish etish imkoniyati yaratilgan.
Muzeyda atoqli davlat arbobi va yozuvchining hayot yo‘li va ijodiga daxldor 2 ming 700 dan ortiq eksponat bor. Ular Sharof Rashidovning bolalik davri, talabalik yillari, muharrirlik davri, O‘zbekistonda cho‘l va qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, bunyodkorlik jarayonidagi faol ishtiroki, ijtimoiy-siyosiy va adabiy faoliyati hamda boshqa mavzularga bag‘ishlangan o‘nta bo‘limga ajratilgan.
Muzey yoniga Sharof Rashidov hududlarga safarlari chog‘ida foydalangan poyezd vagoni o‘rnatilgan. Undagi sharoit va buyumlar asl holicha saqlangan.
Muzey Sharof Rashidov haqida to‘liq ma’lumot beradigan, u kishining ruhini sezadigan joy bo‘lishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerga o‘quvchi-yoshlarning muntazam tashrifini yo‘lga qo‘yib, turli tadbirlar o‘tkazish zarur.
Shavkat Mirziyoyev memorial muzey faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr va taassurotlarini yozib qoldirdi. Unda shunday so‘zlar bor: «Xalqimizning buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov el-yurtimiz uchun fidoyi rahbar, betakror va benazir shaxs edi…
Har qanday murakkab sharoitda ham el-yurtimiz manfaatini o‘ylab yashagan Sharof Rashidovning buyuk xizmatlari xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qoladi.
Bugun Jizzax shahrida ish boshlayotgan Sharof Rashidov memorial muzeyi ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi, deb ishonaman».
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuasini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 27-aprelda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ulkan shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish, asarlaridagi ezgu tushunchalar mohiyatini yoshlarga yetkazish lozimligini ta’kidlagan edi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ikki shoir nomi bilan ataluvchi o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda muzey xalqimizning ardoqli farzandlariga ko‘rsatilgan ulkan ehtirom namunasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi «Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan mazkur maktab-internat uchun 4 qavatli zamonaviy bino qurib bitkazildi. Bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, 100 o‘rinli yotoqxona, oshxona, faollar zali o‘quvchilarning munosib ta’lim olishiga xizmat qiladi.
Jizzax shahridagi tarixiy Xo‘ja Nuriddin madrasasida adabiyotimizning ulkan namoyandalari Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida muzey tashkil etildi. Buning uchun madrasa binosi tubdan ta’mirlanib, tarixiy ko‘rinishi tiklandi. Madrasaning gumbaz qismi sirlangan koshin bilan qoplandi.
Muzey ekspozitsiyasi mazmuni Prezidentimizning «Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz» asari hamda Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ular nomi bilan ataluvchi maktab-internat tashkil etish bo‘yicha bildirgan fikr-mulohazalari asosida shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi xiyobon atrofini yanada obodonlashtirish, muzey faoliyatini takomillashtirish, maktab-internat moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shoirlar haykali poyiga gul qo‘ydi.
Atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyati musiqali drama teatri ham zamonaviy talablar darajasida rekonstruksiya qilindi.
Bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari jarayonida teatr binosining old qismiga zamonaviy qoplama va vitraj o‘rnatildi, yo‘laklarga keramik plitalar yotqizildi. Bino oldida fusunkor favvora, yashil maysazor barpo etilib, hududga noyob manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi.
Binoning isitish tizimi, havo almashtirish, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi. 550 o‘rinli tomosha zalidagi o‘rindiqlar, sahnani yoritish, ovoz kuchaytirish uskunalari yangisiga almashtirildi, grim xonalarida zarur shart-sharoit yaratildi.
Prezidentimiz teatr binosi bilan tanishar ekan, ushbu zamonaviy san’at dargohi Sharof Rashidovning qutlug‘ tavallud sanasi nishonlanayotgan kunda Jizzax viloyati xalqiga katta tuhfa bo‘lganini ta’kidladi.
Mazkur san’at koshonasi faoliyatini viloyatning olis tumanlarida yashovchi odamlar ham sezishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun teatr ijodiy jamoasi salohiyatini yuksaltirish, bugungi zamon darajasidagi sahna asarlarini qo‘yish ustida ishlash zarur. Shu orqali odamlarning teatrga qiziqishini oshirish, ularning ma’naviyatini tarbiyalash lozim.
Teatrning viloyat ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi rolini oshirish hamda samarali ishlashini tashkil etish maqsadida 2018-yilga mo‘ljallangan namunaviy dastur tuzish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu dasturda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun 7 qavatli uy-joy qurish, aktyor va rejissyorlarning malakasini oshirish, teatrdagi ijodiy muhitni viloyatdagi musiqa va san’at maktablariga ham yoyish kabi masalalar e’tiborga olinadi.
Kunning ikkinchi yarmida Jizzax viloyati musiqali drama teatrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Unda senator va deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi-shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, adibning avlodlari, faxriylar, yoshlar, adabiyot ixlosmandlari qatnashdi.
Sharof Rashidov atoqli davlat arbobi bo‘lish bilan birga, ulkan so‘z san’atkori, mohir tarjimon, inson qalbining zukko bilimdoni edi. Uning yoshlik, bahor, go‘zallik, ezgulik, Vatan mehri tarannum etilgan asarlari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Xususan, «Kashmir qo‘shig‘i», «Ikki dil dostoni», «Dil amri» kabi asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib joy olgan, qator asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan, spektakllar sahnalashtirilgan.