O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Jizzax viloyati musiqali drama teatrini borib ko‘rdi
2017-11-06 | Siyosat
Atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyat musiqali drama teatri ham jahon andozalari darajasida rekonstruksiya qilindi.
Bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari jarayonida teatr binosining old qismiga zamonaviy qopmala va vitraj o‘rnatildi, yo‘laklarga keramik plitalar yotqizildi. Bino oldida fusunkor favvora, yashil maysazor barpo etilib, hududga noyob manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi.
San’at dargohining birinchi va ikkinchi qavatlari milliy va zamonaviy arxitektura me’yorlari asosida qayta ta’mirdan chiqarildi. Isitish tizimi, havo almashtirish, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi. 550 o‘rinli tomosha zalidagi o‘rindiqlar, sahnani yoritish, ovoz kuchaytirish uskunalari yangisiga almashtirildi, grim xonalarida zarur shart-sharoit yaratildi.
Prezidentimiz teatr binosi bilan tanishar ekan, ushbu zamonaviy san’at dargohi Sharof Rashidovning qutlug‘ tavallud sanasi nishonlanayotgan kunda Jizzax viloyati xalqiga katta tuhfa bo‘lganini ta’kidladi.
Mazkur san’at koshonasi faoliyatini viloyatning olis tumanlarida yashovchi odamlar ham sezishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun teatr ijodiy jamoasi salohiyatini yuksaltirish, uning faoliyatiga yangi ijodkorlarni jalb qilish, bugungi zamon darajasidagi sahna asarlarini qo‘yish ustida ishlash zarur. Shu orqali odamlarning teatrga qiziqishini oshirish, ularning ma’naviyatini tarbiyalash lozim.
Teatrning viloyat ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi rolini oshirish hamda samarali ishlashini tashkil etish maqsadida 2018-yilga mo‘ljallangan namunaviy dastur tuzish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu dasturda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun 7 qavatli uy-joy qurish, aktyor va rejissyorlarning malakasini oshirish, teatrdagi ijodiy muhitni viloyatdagi musiqa va san’at maktablariga ham yoyish kabi masalalar e’tiborga olinadi.