O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligiga
2017-11-02 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi bilan Latviya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 3-noyabr kuni 25 yil to‘lishi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar.
Latviya Prezidenti Raymonds Veyonisning tabrik maktubida bunday deyiladi: “O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yaqin hamkorlarimizdan biri hisoblanadi. So‘nggi 25 yil ichida faol amalga oshirilgan oliy siyosiy darajadagi tashriflar davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlikdan dalolatdir”.
“Fursatdan foydalanib, Latviya Siz Janobi Oliylari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli davlat islohotlari dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirishga ijozat bergaysiz, – deyiladi Latviya rahbarining maktubida. – Ishonamanki, qonun ustuvorligini mustahkamlash, iqtisodiyot va boshqaruv sohalarini modernizatsiya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar O‘zbekistonning ulkan rivojlanish salohiyatini yuzaga chiqaradi”.
Raymonds Veyonis Latviya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari bundan buyon ham rivojlanib boraverishiga qat’iy ishonch bildirgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z maktubida “tarixan qisqa davrda davlatlarimiz o‘rtasida mustahkam do‘stlik aloqalari, yuksak darajadagi o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslangan sheriklik shakllandi. Hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida jadal va samarali muloqot rivojlanib bormoqda”, deb ta’kidlagan.
Davlatimiz rahbari “siyosiy, savdo-iqtisodiy, innovatsion, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish tarafdorimiz”, deb qayd etgan hamda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan bundan buyon ham yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.