O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda jahon chempionati boshlandi

2015-04-02 | Sport

Poytaxtimizda qilichbozlik bo'yicha o'smirlar va kadetlar o'rtasida jahon chempionati boshlandi

Mazkur nufuzli musobaqa O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo'mitasi va O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun qator davlatlar da'vogarlik qilgan edi. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi O'zbekistonda sport, jumladan, Olimpiya o'yinlari dasturidan joy olgan qilichbozlikni rivojlantirishga doimiy e'tibor qaratilayotgani, mamlakatimizning nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada o'tkazish borasidagi boy tajribasi hamda zamonaviy sport infratuzilmasi mavjudligini inobatga olib, mazkur chempionatni Toshkent shahrida o'tkazishga qaror qildi.

O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan chempionatni yuqori saviyada o'tkazish, musobaqa tashkil etiladigan sport majmualarining xalqaro standartlarga mos kelishini ta'minlash bo'yicha izchil ishlar olib borildi.

"O'zbekiston" sport majmuasida 1-aprel kuni qilichbozlik bo'yicha o'smirlar va kadetlar o'rtasidagi jahon chempionatining ochilish marosimi bo'ldi.

Chorlov sadolari ostida maydonga jahon chempionati ishtirokchilari kirib keladi.

O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

Musobaqa ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni jismonan va ma'nan sog'lom etib voyaga yetkazish, xalqaro maydonda Vatanimiz obro'-e'tiborini yanada yuksaltirishning muhim omili bo'lgan sportni rivojlantirish, jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalash va ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Mamlakatimizda sakkiz yuzga yaqin sportchi qilichbozlik bilan muntazam shug'ullanmoqda. Ulardan 50 nafari terma jamoalarga jalb etilgan. Iste'dodli yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarishga qaratilayotgan e'tibor sportchilarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarida muhim omil bo'lmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi "O'zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo'lib o'tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risida"gi qaroriga muvofiq O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi joylarda yoshlarning ushbu sport turi bilan shug'ullanishi uchun shart-sharoit yaratish, sportchi va murabbiylarning mahoratini oshirish borasida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Farg'ona, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Namangan va Toshkent viloyatlarida hududiy federatsiyalar faoliyat ko'rsatmoqda. Olimpiya zaxiralari kollejlari va sport maktablarida qilichbozlik bo'limlari tashkil etilgan. Sportchilarning zamonaviy me'yorlar asosida o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko'rishi va munosib ishtirok etishi uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

Buning natijasida sportchilarimizning yutuqlari yildan-yilga oshib borayotir. 2012-yili Londonda o'tkazilgan XXX yozgi Olimpiya o'yinlarida Ruslan Kudayev munosib ishtirok etdi. 2013-yili Tailandda o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida O'zbekiston terma jamoasi a'zolari bittadan oltin va bronza medalni qo'lga kiritdi. Filippinda o'tgan qit'a chempionatida Roman Aleksandrov kumush medal bilan taqdirlandi. U 2014-yilning may oyida Janubiy Koreyada o'tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalga sazovor bo'ldi. O'tgan yili qilichbozlarimiz Qozog'iston va Singapurda o'tkazilgan xalqaro turnirlardan yurtimizga bitta oltin, ikkita kumush medal bilan qaytdi. Parij shahri mezbonlik qilgan Gran-pri turnirida ham munosib ishtirok etdi.

Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo'lib o'tgan o'smirlar va kadetlar o'rtasidagi Osiyo chempionatining jamoaviy bahslarida terma jamoamiz a'zolari shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarildi. Shpaga yo'nalishi bo'yicha qizlar o'rtasida o'tkazilgan yakkalik bahslarida Malika Hakimova oltin medalni qo'lga kiritdi.

Poytaxtimizda boshlangan jahon chempionatida 100 ga yaqin davlatdan sportchilar bahslashmoqda. Vatanimiz sharafini Fayzullo Alimov, Sanjar Sobirov, Sanjar Alimov, Malika Hakimova kabi tajribali sportchilarimiz bilan birga iqtidorli yoshlarimiz himoya qilmoqda.

Поделиться