O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Qozog‘iston: diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligiga bag‘ishlandi
2017-11-01 | Siyosat
Xalqaro hamkorlik markazida 31-oktabr kuni “O‘zbekiston – Qozog‘iston: diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi” mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tarixi, tili, dini va urf-odati o‘xshash ikki qardosh xalqni yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bog‘lab turadi. Davlatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan o‘zaro uchrashuvlarida imzolangan muhim hujjatlar va erishilgan kelishuvlar ijtimoiy-gumanitar, savdo-iqtisodiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichda davom ettirish imkonini berayotir. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligini keng nishonlash ham Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning 2017-yil 16-17-sentabr kunlari mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida imzolangan Qo‘shma bayonot asosida yuqori saviyada tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda vazirlik va idoralar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, ikki mamlakat nufuzli tahliliy markazlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatlarimiz hamkorligi 1998 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi hamda 2013-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa qator hujjatlar asosida taraqqiy etmoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqaro siyosiy maydonda, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha o‘xshash yoki yaqin qarashlarga ega. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki davomida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Saidikrom Niyozxo‘jayev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori Zarema Shaukenova, Qozog‘istonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanayotganini ta’kidladi. Tarixiy ahamiyatga ega sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgani qayd etildi. Mamlakatlarimizning turli darajadagi tashkilot va tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tashriflar faollashgani keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Joriy yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarida yangi sahifa ochildi. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatlarimiz rahbarlari bir necha bor uchrashib, hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida kelishib oldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 22-23-mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning 16-17-sentabr kunlari mamlakatimizga davlat tashrifi tomonlarning uzoq muddatli strategik manfaatlarini belgilash, ikki davlat oldida turgan vazifalarni hamkorlikda hal etishdagi sa’y-harakatlar yakdilligining yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Yuqori darajadagi uchrashuvlar hukumatlar va chegaraoldi hududlari o‘rtasida o‘zaro tashriflar uyushtirish, hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar sohalarda manfaatli sheriklikni rivojlantirishga imkon bermoqda.
Qozog‘iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohasidagi muhim sheriklaridan biridir. Mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida qariyb 230 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda 130 dan ziyod korxona tuzilgan. O‘zbekistondan Qozog‘istonga tabiiy gaz, transport vositalari, avtomobillar, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, elektrotexnika va qurilish mollari, meva-sabzavot va boshqa ko‘plab tovarlar, xizmatlar eksport qilinadi. Qozog‘istondan yurtimizga neft, metall, un, yog‘-moy kabi mahsulotlar import qilinadi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi transport kommunikatsiya aloqalari, avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tgan Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi avtomobil yo‘lining qayta ishga tushirilishi, Toshkent – Olmaota yo‘nalishida tezyurar poyezd va ikki mamlakat shaharlarini bog‘lovchi avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilgani hududlararo madaniy-gumanitar aloqalar rivoji, savdo aylanmasi hamda investitsiyalar hajmining sezilarli oshishini ta’minlamoqda.
Mazkur xalqaro forum ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holatini chuqur o‘rgangan holda savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning qarashlarini tahlil qilish, zarur tavsiyalar ishlab chiqish orqali kelgusidagi harakatlar strategiyasini belgilab olishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Forumda qayd etilganidek, iqtisodiy, gumanitar, savdo, sarmoya sohasida sezilarli natijalarga erishishda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim muhim o‘rin tutadi. 2016-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarni tashkil qildi. Kelgusida savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
– Do‘stlik va hamkorlik ruhidagi uchrashuvlar barcha sohada bo‘lgani kabi parlamentlararo munosabatlarni sezilarli rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov. – Joriy yilning mart oyida ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasida memorandum imzolangan edi. Mazkur hujjat asosida bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlarining tegishli qo‘mitalari o‘rtasida qonun ijodkorligi sohasida amaliy aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Xalqaro anjuman ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro manfaatli sheriklikka doir loyiha va dasturlarni ilgari surishdagi tashabbuslarni muhokama qilish uchun muloqot maydoni vazifasini o‘tamoqda.
– O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotir, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanat Kushkumbayev. – Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatadi. Bugungi forum o‘tgan yillar davomida erishilgan natijalarni sarhisob qilish, o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjumanning sho‘ba yig‘ilishlarida siyosat, iqtisodiyot, transport sohalarida hamkorlikning istiqbollari, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarning davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashdagi roli kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida O‘zbekiston – Qozog‘iston Ekspertlar kengashini tashkil etish turli sohalarda muntazam fikr almashish va tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish uchun qulay platforma bo‘lishi ta’kidlandi.
Forum yakuni bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qilindi.