O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiy xizmatchilarimizning Buyuk Britaniyadagi muvaffaqiyati
2017-10-24 | Jamiyat
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Buyuk Britaniyada razvedka bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazilgan "Kembriya patruli" xalqaro tanlovida ikkinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining bir guruhini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Uelsda qariyb qirq yildan buyon “Kembriya patruli” an’anaviy tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil unda dunyoning 29 mamlakatidan 139 jamoa ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning aytishicha, musobaqa o‘tkazilgan kunlarda Kembriya tog‘larida havo bulutli bo‘lgan, deyarli to‘xtovsiz yomg‘ir yoqqan. Ba’zi jamoalar hatto o‘tish qiyin bo‘lgan o‘rmonlar tufayli marraga yetib kela olmagan.
Ishtirokchilar ikki kechayu kunduz davomida 65 kilometrlik masofani piyoda bosib o‘tdi. 25 kilogrammdan kam bo‘lmagan yuk bilan goh 1000 metrdan ziyod balandlikdan o‘tishdi, goh 750 metr nishablikdan yurishdi. Aynan shu yo‘l bilan ishtirokchilarning jismoniy irodasi, dalada yurish ko‘nikmasi, hamjihatligi jiddiy sinovdan o‘tdi.
Marsh davomida tog‘ va suv to‘siqlaridan o‘tish, shartli g‘anim joylashgan hududni aniqlash, shartli jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, "garovga olinganlar"ni ozod etish va evakuatsiya qilish, pistirmada harakat qilish kabi maxsus vazifalar bajarildi.
Ushbu musobaqalarda O‘zbekiston razvedka bo‘linmalari ilk bor qatnashganiga qaramay, Italiya jamoasi bilan birga ikkinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi va uchinchi o‘rinlar mezbonlar jamoalariga nasib etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida harbiy razvedkachilarimizni tantanali tabriklash marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Ofitserlarimiz Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish estafetasini munosib davom ettirayotgani kishini behad quvontiradi, – deydi Mudofaa vazirligi faxriylari markaziy kengashi vakili Aleksandr Xarlamov. –Barcha zamonlarda armiyaning yuragi bo‘lib kelgan razvedka qo‘shinlarida bugun yuksak harbiy malaka tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
– O‘g‘lim va uning xizmatdoshlari bilan faxrlanaman, – deydi musobaqa ishtirokchilaridan biri, kapitan Mahamatsoli Do‘stqulovning onasi Sharifa opa. – Besh o‘g‘limning uch nafari bevosita armiya bilan aloqador. Akalari Mahamatsoli kapitan va Mahamadali katta leytenant, uchinchisi Murodjon Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining 4-bosqich kursanti.
Razvedka bo‘linmalarining ushbu g‘alabasi mudofaa vazirining buyrug‘i bilan harbiy qo‘mondonlik tomonidan munosib taqdirlandi. Bir guruh musobaqa ishtirokchilari 2-darajali "Namunali xizmatlari uchun" ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan bo‘lsa, kichik serjant Sardor Mamarasulovga navbatdagi "serjant" harbiy unvoni, shartnoma bo‘yicha oddiy askarlar Abduhamid Madaminov va Behzod Xolyigitovga "kichik serjant" unvoni berildi.
Ta’kidlash joizki, bu razvedka bo‘linmalarimizning joriy yilgi birinchi muvaffaqiyati emas: yozda ular Novosibirsk shahrida bo‘lib o‘tgan III Xalqaro armiya o‘yinlari dasturi doirasidagi “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” tanlovida uchinchi o‘rinni egallagan edi.