O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya sahna asari O‘zbekistonda
2017-10-19 | Madaniyat
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiyaning “No” an’anaviy teatri aktyori Katsumi Noboru tomonidan sahnalashtirilgan “Pardan tayyorlangan libos” hamda “Yer o‘rgimchagi” pesalari namoyish etildi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, san’atshunoslar, talabalar ishtirok etdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori Mahmud Murodov, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ito Nabuaki va boshqalar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonchli va manfaatli aloqalarning mustahkamlanishida madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Yetti asrlik tarixga ega “No” an’anaviy teatri yapon xalqining urf-odatlari, tarixi va madaniyatini o‘zida aks ettiradi. YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan mazkur qadimiy san’at turida ijrochi o‘z fikr va qarashlarini raqs, musiqa, harakatlar va ohang uyg‘unligida tomoshabinga yetkazadi.
“Pardan tayyorlangan libos” pesasida vaqt qadri, tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlar falsafiy yondashuv orqali bayon qilinadi. “Yer o‘rgimchagi” pesasida esa yovuzlik va ezgulik, mardlik va inson irodasi haqida hikoya qilinadi.
– Yaponiyaning “No” an’anaviy teatri misolida yapon amaliy san’ati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan xursandmiz, – deydi S.Maqsudova. – Bu kabi tadbirlar mamlakatlarimizning madaniy, ma’rifiy sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlash, xalqlarimizning teatr san’ati an’analari bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat yaratishga xizmat qiladi.
Tadbirda Katsumi Noboru tomonidan Alisher Navoiy xotirasiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi ham namoyish etildi.