O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
2017-10-18 | Jamiyat
Qirg‘iz xalqining atoqli adibi Chingiz Aytmatov millionlab kitobxonlar qalbidan munosib joy olgan. Uning badiiy publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalari, roman va qissalarining g‘oyaviy badiiy mohiyati, dunyoda tinchlik, insoniy mehr-muhabbatni saqlash, ona zaminni asrashga da’vat etadi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilishida ana shular haqida so‘z yuritildi.
Unda Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va qator jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar qatnashdi.
Universitet rektori A.Marahimov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi D.Siddiqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid va boshqalar Chingiz Aytmatov betakror ijodi bilan O‘zbekiston – Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan buyuk adib ekanini alohida ta’kidladi. Yozuvchining o‘z davrida Mirtemir, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov singari o‘zbek adabiyoti namoyandalari bilan bog‘lagan adabiy aloqalari va mustahkam do‘stlik rishtalari bugungi navqiron avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o‘taydi.
Adibning badiiy publitsistik asarlari o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilingan. Xususan, Chingiz Aytmatovning «Yuzma-yuz», «Jamila», «Sarviqomat dilbarim», «Bo‘tako‘z», «Birinchi muallim», «Momo yer», «Somon yo‘li», «Alvido, ey Gulsari», «Oq kema», «Dengiz yoqalab chopayotgan olapar», «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat» kabi ijod namunalari o‘zbek kitobxonlarining sevimli asarlariga aylangan.
Ko‘rgazmada Chingiz Aytmatovning ana shunday durdona asarlari, adib haqidagi xotiralar, maqolalarning elektron nusxalari, yozuvchining hayoti va ijodi tasvirlangan fotosuratlar o‘rin olgan.