O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash yo‘lida

2017-10-07 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev 2017-yil 5-6-oktabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi. 

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar 5-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. 

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlari avval tor doirada, keyin kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Mamlakatlarimiz hamkorligi 1996-yil 24-dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanmoqda. 

Keyingi bir yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojida yangi sahifa ochildi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5-6-sentabrdagi Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda tarixiy voqea bo‘ldi. Unda savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, madaniyat sohalarida va chegaralar masalasida imzolangan hujjatlar o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tardi. 

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning mamlakatimizga kelgani mazkur tarixiy tashrifning mantiqiy davomi sifatida baholandi. 

O‘zbek va qirg‘iz xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, yaqin do‘st va qo‘shni sifatida yashab kelgan. Tariximiz, madaniy va diniy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz mushtarak. 

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yanada mustahkamlandi. Hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar tashriflari amalga oshirilmoqda va bu ulkan samaralar berayotir. 

Davlatlarimiz xalqaro doirada bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga mos yoki yaqindir. 

Mamlakatlarimiz butun mintaqada tinchlik va xavfsizlik mustahkamlanishidan manfaatdor. Uchrashuvda xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. 

Markaziy Osiyo suv-energetika resurslaridan mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda, oqilona va kompleks foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Tomonlar mazkur sohada o‘zaro maqbul, uzoq muddatli, barqaror mexanizmlarni ishlab chiqish, suv resurslaridan birgalikda foydalanish uchun muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazadi. 

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya bu borada muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. 

O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar yaqinda O‘shda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi. Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida «O‘zekspomarkaz»da sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi va biznes-forum tashkil etildi. 

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev O‘zbekiston va Qirg‘iziston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. 

Tashrif doirasida o‘tkazilgan biznes-forumda istiqbolli kelishuvlarga erishildi. 

Tomonlar o‘zaro savdoning barqaror o‘sish sur’atini saqlagan holda, yaqin yillarda savdo hajmini bir necha barobar oshirish va uning nomenklaturasini kengaytirishga kelishib oldi. Buning uchun sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi texnikalari, avtomobillar, avtobuslar, maishiy uskunalar, qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish yuzasidan ishlar davom ettiriladi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari tashkil qilinadi, qo‘shma biznes-forumlar o‘tkaziladi. Ikki mamlakat vakillarining O‘zbekistonda va Qirg‘izistonda o‘tadigan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishlari qo‘llab-quvvatlanadi. 

Muhokamalarda transport kommunikatsiyalari sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu ikki mamlakatning iqtisodiy va tranzit imkoniyatlarini oshirishi, yangi transport yo‘laklari ochish tomonlarga birdek manfaat, qo‘shimcha daromad keltirishi ta’kidlandi. «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li va «Andijon – O‘sh – Irkeshtom – Qoshg‘ar» avtomobil yo‘li qatnovi bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. 

Madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham keng. Shu maqsadda ta’lim, fan va texnika sohasida hamkorlik, ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar rivojlantirilmoqda. Bu ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash, tadqiqotchilar, mutaxassis va talabalar almashinuvi, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish, malaka va ilmiy darajalar masalalari bo‘yicha axborot almashish uchun qulaylik yaratadi. 

O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham xalqlarimizning boy tarixiy merosi, tili, madaniyati, qadriyatlari asrab-avaylanmoqda. Madaniy, ijodiy, jamoat tashkilotlari va uyushmalari o‘rtasida aloqalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Keyingi vaqtlarda bo‘lib o‘tgan teatr jamoalarining ijodiy safarlari, adabiyot, san’at va fan arboblari ijodiga va faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirlar shundan dalolat beradi. Shu kunlarda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat chegaralari bo‘yicha tarixiy kelishuvlarga erishilgani, chegaradosh hududlararo bordi-keldi osonlashtirilgani madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamladi. Bu istiqbolda turizm sohasi rivoji uchun ham keng imkoniyatlar ochadi. 

O‘zbekistonda qirg‘iz tilida o‘qitiladigan, Qirg‘izistonda darslar o‘zbek tilida o‘tiladigan maktablar faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston ko‘magida O‘sh shahrida zamonaviy maktab bunyod etilmoqda. 

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Almazbek Atamboyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladilar. 

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hududlari, vazirlik va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikka doir 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Shuningdek, davlat tashrifining ikkinchi kuni o‘zaro manfaatdorlik asosida yana bir qator hujjatlar tayyorlandi va qabul qilindi. 

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning mamlakatimizga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Oliy martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. 

 

 

Anvar Samadov, O‘zA 

Поделиться