O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining hamkorlikdagi mashqlari doirasida ilmiy anjuman o‘tkazildi
2017-10-05 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida davom etayotgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari doirasida “O‘tish murakkab bo‘lgan tog‘li hududlarda noqonuniy qurollangan kuchlarni yo‘q qilish bo‘yicha aksilterror operatsiyalarni tashkil etish va o‘tkazish” mavzusida harbiy ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalish va istiqbollarini belgilab bergani ta’kidlandi. Ikki davlat qo‘shinlarining birgalikdagi o‘quv mashqlari bu hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanayotganiga yana bir misoldir.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatda harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa mamlakatlar hududida qo‘shin saqlamaslik va o‘z hududiga boshqa mamlakat qo‘shinlarini kiritmaslik siyosatiga qat’iy amal qilish bilan birga, xalqimiz tinchligini saqlashning kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni modernizatsiya qilishni izchil davom ettirmoqda. Shu maqsadda qo‘shinlarimizni eng zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Konferensiyada O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida rivojlanib borayotgan strategik hamkorlik har ikki mamlakat xalqlarining tinchlik va osoyishtaligini asrashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, dunyoning ayrim hududlarida hukm surayotgan notinchliklar, turli g‘oyaviy kurashlar oqibatida qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqayotgani tinchlik va taraqqiyot yo‘lida hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etayotir.
– Mazkur konferensiyada bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatning kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etish yo‘llari ilmiy tahlil qilinib, turli xatarlarning oldini olishda davlatlararo hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar, xulosalar o‘rtaga tashlandi, – deydi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, podpolkovnik Po‘lat Sotivoldiyev. – Jahon miqyosida harbiy-siyosiy, milliy va global vaziyat keskin o‘zgarib borayotgan bugungi kunda bu hamkorlik, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlarining noqulay tog‘li hududlar sharoitida noqonuniy qurollangan kuchlar tahdidini qaytarish va yo‘q qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan birgalikdagi o‘quv mashqlari bu boradagi amaliy qadam bo‘ldi.
Hamkorlikdagi o‘quv mashqlari doirasida madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari ham tashkil etilmoqda.