O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Turkiston” saroyida Toshkent yeparxiyasining 145 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi
2017-10-03 | Siyosat
Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik barcha jabhalarda keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish, xalqimizning farovon hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat, 16 konfessiya vakillari tinch-totuv yashamoqda. Ularning o‘z madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu ijtimoiy kelib chiqishi, dini, millatidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizni shu Vatan farzandi sifatida yagona makon va yakdil maqsadlar atrofida jipslashib, yurt ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga undamoqda.
“Turkiston” saroyida 1-oktabr kuni Toshkent yeparxiyasining 145-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ana shu jihatlar yana bir bor ta’kidlandi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, xorijlik mehmonlar va xristian diniga e’tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent yeparxiyasining 145-yilligi munosabati bilan tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi R.Komilov o‘qib eshittirdi.
Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill, Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, yoshlarni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda dinlararo faol muloqot maydoni yaratilgani jamiyatdagi barqarorlikning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizni har tomonlama jadal rivojlantirish yo‘lini belgilab berdi.
Mazkur muhim hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qo‘shni mamlakatlar, turli millat-elat, din vakillari o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
– Mamlakatimizda turli millat va elat vakillari o‘z diniy e’tiqodlarini emin-erkin ado etishlari uchun mustahkam qonuniy asos ham, sharoit ham yaratilgan, – dedi Zoya Kanopko. – Musulmon, xristian va boshqa din vakillari o‘rtasida qaror topgan do‘stlik, totuvlik va hamjihatlik ana shunday bayram va turli tantanalarda yanada mustahkamlanadi. Bunday e’tibor va ezgu ishlarga o‘zini kamarbasta bilgan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz.
Tadbirda O‘zbekiston va Rossiya san’at ustalari, yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegatsiyasi mamlakatimizga tashrifi doirasida Camarqand va Buxoro shaharlarida ham bo‘lib, muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi.
Samarqandda mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari, mahobatli maqbara, milliy uslubdagi ayvon va boshqa inshootlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Amir Temur va Xo‘ja Doniyor maqbaralari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy obidalarni ham tomosha qildi. Shahardagi Aleksey soborida Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill ishtirokida marosim o‘tkazildi.
Mehmonlar Buxoro shahrida Arxistratig Mixail ibodatxonasiga tashrif buyurdi. Shuningdek, dunyoga mashhur me’moriy va tarixiy obidalar sirasiga kiruvchi Chashmai Ayub maqbarasi, Poyi Kalon majmuasi va Ark qal’asi bilan tanishdi.
– Buxoro haqida ko‘p o‘qiganman, – dedi Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill. – Insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan bu shahardan jahonga mashhur ulamolar yetishib chiqqan. O‘zbekistonda barcha konfessiyalar, jumladan, xristian diniga e’tiqod qiluvchilarga ham o‘z amallarini ado etishlari uchun teng sharoit yaratilgani tahsinga sazovor. Bu yurtingizda diniy bag‘rikenglik va totuvlik barqarorligidan dalolat.