“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi
Mustaqillik – har bir xalq uchun ulug‘ ne’mat, buyuk inoyat.
Mustaqillik – o‘zlikni anglash, o‘z ota makonining egasi bo‘lish, or-nomusini baland tutish huquqidir.
Mustaqillik – jahonda tenglar ichra teng bo‘lish, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, erkin va farovon yashash imkoniyatidir.
1991-yil 31-avgust mamlakatimiz ana shunday tarixiy yutuqqa erishgan buyuk sana. Mustaqillikning qadr-qimmatini chuqur anglaydigan xalqimiz bu kunni katta shodu xurramlik bilan bayram qiladi.
Bu yil ham shunday bo‘ldi. Prezidentimizning 27-iyundagi qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Jamiyatimizdagi yangilanishlarga muvofiq bayram tadbirlari ham yangicha shakl va mazmun kasb etdi.
Asosiy tantanali marosim 31-avgust kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar xodimlari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Saroyga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib keldi. Davlatimiz rahbari minbarga taklif etildi. Prezidentimiz mustaqilligimizning yigirma olti yilligi bilan xalqimizni muborakbod etib, nutq so‘zladi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi. Bayram ahli qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, mustaqillik qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ldi. Ohang og‘ushida Vatan manzaralari, istiqlol tarixi tasavvurda gavdalandi.
O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxiri yurtimiz uchun o‘ta murakkab davr bo‘ldi. Xalqimiz mustamlaka tazyiqida nainki erkini, balki milliyligini, tilini, dinini, o‘zligini ham yo‘qotish darajasiga kelib qolgandi.
Tariximizning shunday tahlikali, tub burilish paytida Islom Karimov O‘zbekistonga rahbar bo‘ldi. Adolatsiz tuzumga qarshi mardonavor kurashib, xalqimiz manfaatlarini himoya qildi. Hali sobiq tuzum hukmron paytda birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonni mustaqil davlat deb e’lon qildi.
Islom Karimov yangi o‘zbek davlatchiligiga asos soldi. Halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy dasturlar mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minladi. Oqilona tashqi siyosat, tinchlik va hamkorlik prinsipi tufayli mamlakatimiz jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi.
“Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ezgu g‘oya, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti va ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida aholi hayot darajasi izchil yuksaldi. Huquqiy demokratik islohotlar va ma’naviyatga e’tibor xalqimizning dunyoqarashini, ongu tafakkurini o‘zgartirdi.
Istiqlolimizning 26-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi.
Sahna ortidagi ulkan monitorda musaffo osmonimiz, oppoq kabutarlarning samoga parvoz qilgani tasviri aks etdi. Go‘yo buyuk Yo‘lboshchimiz ruhi jonajon Vatanining yangi parvozlariga oq yo‘l tiladi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining yangi davriga yangi yetakchi bilan qadam qo‘ydi. 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov siyosatini davom ettirish, shu bilan birga, barcha sohalardagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadini bayon etdi.
“Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, degan tamoyilga asosan mamlakatimizni modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvi tizimining sifati va samarasini oshirish bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirildi. Boshqaruv organlari faoliyati takomillashtirildi, ko‘plab vazirlik va idoralar qayta tashkil etildi, yangi tashkilotlar tuzildi.
“Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilga muvofiq, xalq bilan muloqotning zamonaviy va samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan g‘oya asosida aholiga keng imkoniyatlar berish, uning real daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimiz yanada yaxshilandi. Prezidentimizning ilk davlat tashriflari qo‘shni davlatlarga bo‘ldi. O‘zaro raqobat emas, hamkorlik qilish tamoyili iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirdi, mintaqaviy xavfsizlik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamladi.
Bu jihatlar bayram tomoshasida turli tillarda yangragan qo‘shiqlar, milliy-etnografik guruhlarning chiqishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi.
O‘zbekistonda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik qaror topgan.
Tinchlik va barqarorlik sabab O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori tobora ortmoqda. Eng rivojlangan davlatlar, dunyoga dong‘i ketgan bank va kompaniyalar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga intilmoqda.
Bayram dasturi har qachongidan boshqacha bo‘ldi. Kuy-qo‘shiqlar she’rlar bilan uyg‘unlashib ketdi. Bolalarning chiqishlari barchaga tabassum ulashdi. Harbiylarimizning mardonavor ovozi dillarga ko‘chdi. Jahon mumtoz musiqalari zavq bag‘ishladi. Tantanali marosim san’atkorlar jo‘rligidagi “Vatan azizdir” qo‘shig‘i bilan nihoyasiga yetdi.
Darhaqiqat, Vatan – aziz. Bizning o‘zligimiz, bugunimiz va kelajagimiz Vatan bilan chambarchas bog‘liq. Ota-bobolarimizning hoki, merosi shu zaminda. Bugun shu muqaddas diyorda oilamiz, do‘stlarimiz, kasbu korimiz bilan baxtlimiz. Kelgusi rejalarimiz, orzu-umidlarimiz yaxshilikka yo‘g‘rilgan.
Bularning barchasi istiqlol sharofatidan. Davlatimiz mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda. Bu boylikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiridagi ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib boraveradi.
Bayram tadbirlarida yangragan kuy-qo‘shiqlar olis-olislarga taralmoqda. Mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida bayram tantanalari, xalq sayillari davom etmoqda.
Anvar Samadov, Sarvar O‘rmonov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA