O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev: kimki o‘z armiyasini boqishni istamasa, boshqalarning armiyasini boqadi
2017-08-28 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan videoselektor nihoyasiga yetdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hududlarda mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Prezidentimiz harbiy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oliy harbiy bilim yurtlariga yoshlarni tayyorlash tizimini tubdan yangilash masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratdi.
Bilimli, salohiyatli harbiy kadrlarni tayyorlashni quyidan boshlashimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun 29 akademik litsey faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu litseylar boshqa litseylardan tubdan farq qilishi lozim. Ushbu dargoh o‘quvchilarini dunyoqarashi keng, jismonan baquvvat, aqlan yetuk insonlar etib tarbiyalash lozim. Bu soha uchun mablag‘ ayamaymiz. Kimki o‘z armiyasini boqishni istamasa, boshqalarning armiyasini boqadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga Vatan himoyachilari kunini nishonlash tartibini qayta ko‘rib chiqish, bunda an’anaviylikdan qochish, uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash tizimini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.