O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh o‘zbek rejissyorining muvaffaqiyati
2017-08-25 | Madaniyat
Navqiron o‘zbek farzandi, yurtdoshimiz Anvar Madraimov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kaliforniya shtatida o‘tkazilgan qisqa metrajli filmlar festivalida g‘olib, deb topildi.
Festivalda saralangan 400 ta film orasida Anvar “Tug‘ilgan kunga tabriknoma” (“A Birthday Card”) nomli qisqa metrajli filmi uchun “Yosh rejissyor suratga olgan eng yaxshi film” (“Best Youth”) nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
Anvarning drama janrida suratga olgan qisqa metrajli filmida farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayol taqdiri, uning yangi hayot qurishga intilishi yo‘lida duch kelayotgan holatlar, oilaviy hayot bilan bog‘liq ijtimoiy masalalar haqida hikoya qilinadi.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, A.Madraimov 22 yoshda bo‘lib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta’lim olgan. Hozirgi kunda Los-Anjeles shahridagi Nyu York kinoakademiyasining (“New York Film Academy”) kinematografiya fakultetida o‘qishini davom ettirmoqda.
Anvar qator qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar rejissyoridir. U to‘liq metrajli badiiy film suratga olish sirlarini o‘rganmoqda.
– O‘zbek kinosi boy tarixga ega. Davlatimiz rahbarining kino san’atini yanada rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori soha vakillarini yangi asarlar yaratishga undamoqda. Biz, yoshlar bu ishga munosib hissa qo‘shishga harakat qilamiz, – deydi Anvar.