O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston–Janubiy Koreya: AKT sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
2017-08-15 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida ochiq dasturiy mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya forumi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Koreya Respublikasining axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish milliy agentligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda axborot texnologiyalari va ochiq kodli dasturiy ta’minot yaratuvchi kompaniyalar rahbarlari, ishbilarmon doiralar va oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, Koreya Respublikasi Axborotlashgan jamiyat milliy agentligi vitse-prezidenti Kim Te Yul va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotganini ta’kidladi. Jamiyatni axborotlashtirish, xususan, erkin va ochiq kodli dasturiy ta’minot mahsulotlaridan foydalanish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik mexanizmlari yaratilgani tomonlarning mushtarak maqsadlari sifatida qayd etildi.
Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratildi. Boisi iqtisodiy barqarorlikka jamiyatning turli jabhalari va iqtisodiyot tarmoqlariga raqamli texnologiyalarni joriy etmasdan turib erishib bo‘lmaydi. Prezidentimizning 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturiy ta’minot sohasida yangi davrni boshlab berdi.
– O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi takomillashib, korxonalarning ishlab chiqarish quvvati oshayotgani, yangi texnologiyalar joriy etilayotgani quvonarli, – deydi Kim Te Yul. – Hamkorligimiz doirasida O‘zbekistonning bu boradagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, “Elektron hukumat” tizimini axborotlashtirishda ilg‘or tajribalarni tahlil etib, dasturiy ta’minot tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Forumda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish yo‘nalishida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ikki mamlakat ham ulkan salohiyatga ega ekani alohida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Janubiy Koreyada dasturiy mahsulotlar bozorining bugungi holati va istiqbollari, ilg‘or axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini hayotning turli jabhalariga yanada kengroq tatbiq etish va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.