O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Temir yo‘l rivoji – taraqqiyot omili
2015-03-20 | Iqtisodiyot
Prezidentimizning 2010-yil 21-dekabrdagi "2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo'l uchastkalarini elektrlashtirish loyihasi bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Istiqlol yillarida barpo etilgan Toshguzar – Boysun – Qumqo'rg'on temir yo'l uchastkasida mahalliy hamda tranzit yuk va yo'lovchi poyezdlarining qatnovi yil sayin ko'payib bormoqda. Murakkab sharoitli tog' hududida poyezdlarning belgilangan tezlikda harakatlanishini ta'minlash muhim vazifa hisoblanadi. Bunda temir yo'llar elektrlashtirishining ahamiyati shundaki, avvalo, atrof-muhit musaffoligi, yonilg'i tejamkorligi ta'minlanib, poyezdlarning harakat tezligi oshadi.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2014-yili temir yo'llarni elektrlashtirish loyihasining birinchi bosqich ishlari – 140,8 kilometrlik Maroqand – Qarshi uchastkasida tuproq ishlari yakuniga yetkazilgan. Elektrlashtiriladigan temir yo'l yoqalariga o'rnatilishi ko'zda tutilgan 258 dona temir-beton tayanch ustunlarning 201 tasi montaj qilinib, ularga 3 mingdan ortiq birlashtirish uskunalari o'rnatildi. Sim tortildi.
– Elektrlashtirish ishlari 325,7 kilometrli Qarshi –Termiz liniyasida ham davom etmoqda, – deydi "1- energomontaj poyezdi" unitar korxonasi bo'lim boshlig'i Sarvar Zaripov. – Xususan, bu yo'nalishdagi Toshguzar va Dehqonobod stansiyalariga temir-beton tayanch ustunlari o'rnatildi. Qarshi – Dasht, Dasht – Sho'rtan, Sho'rtan – Toshguzar, Qayirma – Bo'zaxo'r, Jarquduq – Dehqonobod yo'nalishlarida temir-beton tayanch ustunlari o'rnatish ishlari yakunlandi.
Temir yo'llarni elektrlashtirishda elektr simlarini ushlab turuvchi birlashtirish uskunalari, mustahkam metall konstruksiya va tayanch ustunlar asosiy qurilish materiallari hisoblanadi. Ilgari bu turdagi mahsulotlar katta mablag' evaziga xorijdan keltirilar edi. Endilikda ular o'zimizda ishlab chiqarilmoqda. Poytaxtimizdagi "Binokor temir-beton servis" kabi korxonalarda temir-beton mahsulotlari, metall konstruksiyalar, elektr simlari uchun birlashtirish uskunalari ishlab chiqarilayotgani fikrimiz tasdig'idir.
Maroqand – Qarshi va Qarshi – Termiz temir yo'l uchastkalarida amalga oshirilayotgan elektrlashtirish ishlari samarasida mazkur temir yo'llar jahon andozalariga moslashadi. Liniya bo'ylab xizmat ko'rsatish sifati yuksalib, qo'shimcha ish o'rinlari yaratiladi. Amaldagi teplovozlar o'rnini zamonaviy elektrovozlar egallagach, yuk va yo'lovchi poyezdlari qatnovi bir necha barobar oshadi.